Iqtisodiyot | 19:23 / 30.03.2017
7240
3 daqiqa o‘qiladi

2016 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4 milliard dollardan oshgan

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston bilan Rossiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatining farmatsevtika, oziq-ovqat va agrosanoat sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nazira Dadaxonova, Moskva viloyati tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash fondi direktorining o‘rinbosari Oleg Kondrashin va boshqalar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari xususida so‘z yuritdi.

Forumda O‘zbekistonning transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, savdo-sanoat, energetika sohalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, Rossiyaning axborot texnologiyalari, farmatsevtika, oziq-ovqat kabi tarmoqlardagi kompaniyalari faoliyati haqida ma'lumot berildi.

2016 yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4 milliard AQSh dollaridan oshgan. O‘zbekistondan Rossiyaga tabiiy gaz, avtomobillar, kimyoviy va to‘qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavotlar va boshqa tovarlar yetkazib berilmoqda. Rossiyadan qora va rangli metallar, yog‘och, neft va neft mahsulotlari, elektr texnikalar, qog‘oz buyumlari va farmatsevtika vositalari xarid qilinmoqda.

– Mazkur uchrashuv o‘zaro talab va takliflarni o‘rganish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish imkonini berdi, – dedi O.Kondrashin. – O‘zbekistonning avtomobilsozlik, kimyo, qishloq xo‘jaligi, sut, go‘sht va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalardagi korxona va kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

– Kompaniyamiz 180 turdagi dori vositalarini ishlab chiqaradi va MDH davlatlariga yetkazib beradi, – dedi “Kanonfarma prodakshn” kompaniyasining eksport bo‘yicha menejyeri N.Kryuchkova. – O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

Anjumanda O‘zbekiston bilan Rossiya ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdolarni onlayn rejimida amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, ishbilarmon doiralarning ikki mamlakat ko‘rgazma va yarmarkalaridagi ishtirokini ta'minlash, ichki va tashqi bozorlarda talabgor bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni Savdo-sanoat palatasida Rossiyaning Lipetsk viloyati ishbilarmonlari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlari o‘rtasida kooperatsiya birjasi tashkil etildi.

Mavzuga oid