Jamiyat | 17:23 / 30.03.2017
125628
6 daqiqa o‘qiladi

Nurayotgan uy va kutilayotgan umid (foto)

«Kun.uz» tahririyatiga Samarqand shahridan qo‘ng‘iroq bo‘lib, chorasiz qolgan ayol o‘zi yashab turgan uyi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yashab turgan uyi bugungi bahorning yog‘in-sochinli kunlarida nurab tushish arafasida. Uning davlat organlariga bu boradagi murojaatlari javobsiz qolib ketayotgani, nima qilishini bilmayotganligini aytib o‘tdi.

Biz holatni o‘rganish uchun murojaatchining uyiga bordik va vaziyat bilan tanishdik.

Murojaat qilgan shaxs — Xo‘jamqulova Nargiza Samarqand shahridagi "Oqsaroy" mahallasida, qaynonasi va voyaga yetmagan ikki nafar farzandi bilan yashar ekan.

Uy umumiy hovli (obshchiy dvor)da joylashgan bo‘lib, ulardan tashqari yana ikki xo‘jalik istiqomat qiladi. N.Xo‘jamqulovga 2000 yilda ushbu xonadonga kelin bo‘lib tushgan, 7 yil muqaddam turmush o‘rtog‘i kutilmaganda vafot etgan. Oilada onasiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan boshqa o‘g‘il farzand yo‘q. Katta qizi 7-sinfda, o‘g‘li 4-sinfda o‘qishadi.

Vaziyatni Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ham o‘rganib, bu haqida ma'lumotnoma berishgan.

N.Xo‘jamqulovaning bosh vazirning virtual qabulxonasiga bu boradagi murojaati ham natijasiz tugagan. Kelib o‘rgangan mutasaddilar oilaning o‘rtacha oylik daromadi me'yordan yuqori bo‘lgani uchun moddiy yordam berilmaydi, degan mazmunda.

Ayol boquvchisi vafot etganidan buyon o‘tgan 7 yil ichida bir martagina mahalladan nafaqa puli olgani, shunga ham 5 yilcha bo‘lganini aytib o‘tdi.

N.Xo‘jamqulovadan bu borada so‘raganimizda, hozirgi kunda hech qayerda ishlamayotgani, kundalik yollanib, farroshlik kabi ishlar bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Unda oylik o‘rtacha daromadni qayerdan hisoblashayapti, degan savolimizga "qaynonamning pensiyasiga qarab bo‘lsa kerak", deb javob berdi. 

Mayli, gap unda emas. Zero, o‘z murojaatlarida N.Xo‘jamqulova oilasiga moddiy yordam so‘rab murojaat qilmagan. Mahalla beradigan moddiy yordam bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligi kundek ravshan. Gap — uyning avariya holatiga kelib qolganida, xonadon egasi hokimiyatdanmi, saxovatpesha insonlardanmi, kattaroq yordamga mushtoq.

Bu borada shahar hokimligiga, xotin-qizlar qo‘mitasiga dardimni aytib murojaat qildim, borib uchrashdim, biroq tayinli javob ololganim yo‘q. Unisi u eshikka, bunisi bu eshikka yo‘naltiraverishdi, dedi N.Xo‘jamqulova.
 
Xullas, uy bilan bog‘liq vaziyat bilan tanishsangiz. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, xonadon umumiy hovlida joylashgan va ancha abgor holatga kelgan.

Dahlizdan o‘tib, ichkari uyga qadam bossangiz, ko‘cha tomondagi devor yemirilib, nurab borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Chunki, uy qurilganidan so‘ng yillar davomida ko‘chaning sathi ko‘tarilib ketgan, qor-yomg‘ir suvlari uy devoriga singib ketmoqda.

Dahlizning qo‘shni bilan tutash qismi cho‘kib, yorilib bormoqda. Hattoki, shiftdan ham 2-3 sm pastga tushgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Yoriqlar kengligi 5 sm.ga yetadi.

N.Xo‘jamqulova farzandlari bilan yotadigan xona devori cho‘kib, qo‘shni bolalar bog‘chasining oqova suvlari uygacha kirib kelmoqda. Bu xonaning ham devorlari yorilib bormoqda. "Devor kundan kunga cho‘kib bormoqda, chunki qarsillagan ovoz chiqaradi", dedi N.Xo‘jamqulova.

Uyning orqasida - ko‘chada oqova suvlar uchun handaq qazilgan bo‘lib, yuvindi kanalizatsiyasi va novlardan yomg‘ir suvlari o‘sha yerga yig‘ilishi uchun mo‘ljallangan ekan. Biroq, qo‘ni-qo‘shnilar u yerga chiqindilarni ham tashlab, noo‘rin foydalanishayotgani ma'lum bo‘ldi. "Yozning issiq kunlarida chidab bo‘lmaydigan hid taratadi", dedi N.Xo‘jamqulova.

Ushbularni yoritishdan murodimiz - muammoga rahbarlarning, xalqning e'tiborini qaratish. N.Xo‘jamqulova kam taminlangan oilalar uchun yangi qurilayotgan namunali uy uchun ariza topshirgani, tegishli tarzda navbatga qo‘yilganini ham aytib o‘tdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilayotgan o‘shanday yangi, ixcham uylar mana shunday haqiqatdan ham muhtoj oilalarga birinchi navbatda berilishi kerak emasmi? Bugun-ertaga nurab tushaman, deb turgan bu abgor uyda qariya ona, voyaga yetmagan go‘daklar istiqomat qilayotgani dilni og‘ritadi, albatta.

Xayriya qilish niyatida bo‘lganlar uchun

Hisob raqami: 8600-0609-8264-9288 (Xalq Banki)

Xodjamqulova Nargiza

Kartaning amal qilish muddati 03/20

Shuhrat Shokirjonov.

Mavzuga oid