14:04 / 01.04.2017
7184

Venger Gvardiolaga qarshi, Liverpul derbisi va 30-turning boshqa uchrashuvlari haqida

Tarixiy 228-Liverpul derbisi, Yevromavsumning ikki omadsiz murabbiylari ishtirokidagi to‘qnashuv bilan bezatilgan Angliya Premer-ligasining 30-turi bugun start oladi. Tribuna.Uz dunyoning eng tomoshabop chempionati anonsi bilan tanishtirib o‘tadi.

«Liverpul» - «Everton» (1 aprel, 16:30, UzReport, Match! Futbol 1)

228-marta o‘tkazilayotgan derbida so‘nggi yillarda bir jamoaning yaqqol ustunligi ko‘zga tashlanmoqda. «Liverpul» so‘nggi 20ta derbining faqat bittasida «Everton»ga imkoniyatni boy bergan. 10ta uchrashuvda g‘alaba qozongan. 9ta durang qayd etilgan.

Yo‘qotishlar
«Liverpul» tarkibida Jordan Henderson, Adam Lallana qa Deniyel Starrij ishtirok eta olishmaydi. Uzoq yo‘l bosib kelgan Filippe Koutino va Roberto Firminoning maydonga tushishi ham so‘roq ostida qolmoqda.
«Everton»da dahshatli jarohat olgan Sheymus Koulmendan tashqari Morgan Shnayderlin, Ramiro Funes Mori va Jyeyms Makkartilar bu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. 

«Byornli» - «Tottenhem» (19:00)
«Byornli»ga o‘z uyida ko‘rsatadigan muvaffaqiyatli o‘yini yordam berishi lozim. Jamoa Top-6likda borayotgan klublarga qarshi uy uchrashuvlarida faqatgina «Manchester Siti» va «Arsenal»ga imkoniyatni boy bergan. Ammo Daych shogirdlari so‘nggi olti uchrashuvdan buyon g‘alaba qozona olmay kelishmoqda.

Yo‘qotishlar
«Byornli»da ikki oylik tanaffusdan keyin Stiven Defur safga qaytdi. Yoxann Berg Gudmundsson ham mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda biroq uning ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.
«Tottenxem» tarkibida esa Danni Rouza, Erik Lamela va asosiy hujumchi Harri Keyn ishtirok eta olmaydi. Yana bir hujumchi Vinsent Yanssenning maydonga tushishi ham so‘roq ostida qolmoqda.

«Chelsi» - «Kristal Pelas» (19:00, Match! Futbol 1)

«Chelsi» Antonio Konte boshchiligida o‘z uyida ketma-ket 14-g‘alabasini qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. «Kristal Pelas» esa birorta ham to‘p o‘tkazmasdan qo‘lga kiritgan ketma-ket uchta g‘alabasini davom ettirishga intiladi. «Pelas» o‘tgan mavsumda 1982 yildan buyon ilk marta «Stemford Bridj»da g‘alaba qozonishni uddasidan chiqqandi.

Yo‘qotishlar
«Chelsi» tarkibida terma jamoa yig‘inlari vaqtida  bir yo‘la uchta futbolchida muammolar paydo bo‘ldi: Tibo Kurtua, Eden Azar , Viktor Mozes va Diyego Kostada. Ammo bulardan uch nafarining maydonga tushishi aniqroq bo‘lib turibdi. Birgina Eden Azarning London derbisini o‘tkazib yuborishi ehtimoli bor.
«Kristal Pelas» tarkibida Patrik Van Anxolt maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Jyeymsa Makartur va Freyzer Kempbellarning maydonga tushish ehtimoli ham kam. Matyo Flaminining holati yaxshi va uning o‘yindagi ishtiroki 50/50 baholanmoqda. Loik Remi esa ijara kelishuvi bo‘yicha peshqadamga qarshi o‘ynash huquqiga ega emas.

«Hall Siti» - «Vest Hem» (19:00)
Premer-Liga tarixida bu ikki jamoaning «Hall»dagi so‘nggi uch uchrashuvda mezbonlar «bolg‘aurarlar»ga mag‘lub bo‘lmagan — ikki g‘alaba bir durang.

Yo‘qotishlar
«Everton»ga qarshi uchrashuvda olgan jazosi tufayli«Hall» yarimhimoyachisi Tom Haddlstoun uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Maykl Douson esa jarohatidan tuzalib safga qaytgan.
«Vest Hem» safida esa Uinston Rid, Pedro Obiang va Maykl Antonio maydonga tusha olmaydi. Jamoa sardori Mark Nobl esa kichik jarohatdan so‘ng tuzalib safga qaytgan.

«Lester Siti» - «Stok Siti» (19:00)
«Lester» boshqaruviga Shekspir kelgach, jamoa ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Agar jamoa «Stok» ustidan g‘alaba qozonsa Shekspir premer-ligada dastlabki to‘rtta uchrashuvining barchasida g‘alaba qozongan dastlabki ingliz murabbiyiga aylanishi mumkin. «Stok» barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda «Lester»ga safar qilgan so‘nggi 8 uchrashuvning faqat bittasida g‘alaba qozona olgan

Yo‘qotishlar
«Lester» tarkibida jarohati sabab sardor Ues Morgan maydonga tusha olmaydi. Danni Drinkuoter esa yana safga qaytgan. «Stok» tarkibida Cherdan Shaqiri ketma-ket sakkizinchi uchrashuvini o‘tkazib yuboradi. Fil Bardsli esa diskvalifikatsiya qilingan.

«Manchester Yunayted» - «Vest Bromvich» (19:00, Match! Futbol 2)

Terma jamoalar uchun tanaffus boshlanishidan oldin «Arsenal»ni mag‘lubiyatga uchratgan «Vest Bromvich» qarshisida yana bir top-6likdagi jamoa paydo bo‘ldi. Aleks Fergyuson nafaqaga chiqqach «VBA» «MYu»ga qarshi 14 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasiga yakun yasagan va so‘nggi 7 uchrashuvning 3tasida g‘alaba qozonshga muvaffaq bo‘lgan.

Yo‘qotishlar
«Manchester Yunayted» uchrashuvdan oldin juda katta muammolarga duch keldi. Jarohati sabab bu uchrashuvni Xuan Mata, Fil Jons, Kris Smolling va Pol Pogba, diskvalifikatsiya tufayli esa Zlatan Ibrahimovich va Ander Errera o‘tkazib yuboradi.
«Vest Bromvich» tarkibida esa Mett Fillips maydonga tusha olmaydi. Nosir Shodli va Salomon Rondonning ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.

«Uotford» - «Sanderlend» (19:00)
O‘tayotgan har bir hafta «Sanderlend»ni premer-liga bilan xayrlashishga yaqinlashtirmoqda. Jamoa so‘nggi turlarda ko‘rsatadigan «sakrash»ni amalga oshira olmayapti. Bu ikki jamoaning «Uotford»da kechgan so‘nggi uch o‘yinda durang qayd etilgan. «Sanderlend»ning qutqaruv operatsiyasini boshlash uchun aynan mana shu omil ham dastak bo‘lishi mumkin.

Yo‘qotishlar
«Uotford» tarkibida Ben Uotson va Valon Behrami maydonga tusha olmaydi. Sebastyan Pryodl va Troy Dinining o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. «Sanderlend» tarkibida Li Kattermoul uzoq tanaffusdan keyin mashg‘ulotlarga kirishgan. Biroq Viktor Anichebe bilan birga uning ham bu uchrashuvda ishtirok etish ehtimoli kam.

«Sauthempton» - «Bornmut» (21:30, Match! Futbol 1)
Angliyadek zich taqvimli chempionatda so‘nggi 48 kunda «Sauthempton»ning 3tagina uchrashuv o‘tkazganini taqdir haziliga yo‘yish mumkin. «Bornmut» esa mart oyini o‘ta ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Uchta uchrashuvda 7 ochko jamg‘argan «olchalar» bosh murabbiyi Eddi Hau oyning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Yo‘qotishlar
«Sauthempton» tarkibida hujumchilarManolo Gabbyadini va Charli Ostin, shuningdek himoyachi Virjil van Diyk jarohati sabab uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. «Bornmut tarkibida esa Tayron Mings diskvalifikatsiya tufayli maydonga tush olmaydi. Rayan Freyzer, Harri Arter, Junior Stanislas va Lisa Mussa esa fitness testlardan so‘ng maydonga tushish-tushmasligi aniq bo‘ladi.

«Suonsi» - «Midlsbro» (2 aprel, 17:30, Match! Futbol 1)
O‘ta muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin murabbiylarni almashtirgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs APLda jon saqlab qolish uchun kechishi bilan ham qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. «Suonsi»da Klement kelgach natijalar keskin yaxshilandi. Ammo «Midlsbro»da hozircha vaziyat o‘zgargani yo‘q. Jamoa premer-ligani tark etishga asosiy da'vogarlardan biri bo‘lib turibdi.

Yo‘qotishlar
«Suonsi» tarkibida uchrashuvdan oldin yo‘qotishlar ko‘zga tashlanmagan. «Midlsbro» tarkibida esa Jorj Friyend va Kalum Chembers bu uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kerak bo‘ladi.

«Arsenal» - «Manchester Siti» (2 aprel, 20:00, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1)

Turning markaziy uchrashuvi bilan 30-turga yakun yasaladi. So‘nggi haftalarda muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan Arsen Venger jamoasi uzoq yillik tanaffusdan keyin ilk marta YeChL yo‘llanmasidan quruq qolish xavfi ostida turibdi. Buni oldini olish uchun jamoa yana bir mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmayotgan grandlardan biri «Manchester Siti»ni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Jamoalarning Manchesterdagi birinchi davra uchrashuvida Gvardiola shogirdlari g‘alaba qozongan.

Yo‘qotishlar
«Arsenal» tarkibida darvozabon Petr Chex, hujumchi Lukas Pereslar jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Santi Kasorlaning bu mavsumda boshqa maydonga tusha olmasligi ancha oldin aniq bo‘lib ulgurgandi.
«Manchester Siti» tarkibida esa eski muammo Gabriel Jyezus va Ilkay Go‘ndo‘g‘anning jarohati bor. Pablo Sabaleta, Rahim Sterling va Kevin de Bryuynening holati yaxshi ekanini Gvardiola ta'kidlagan bo‘lsada, ularning asosiy tarkibda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.

Top