O‘zbekistonda yaxlit infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlar savdo-sotiq aloqalarini faollashtirmoqda
Har bir mamlakat taraqqiyotida uning geografik joylashuvi muhim o‘rin tutadi. Bu, ayniqsa, chet davlatlar bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, logistikani rivojlantirishda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Biroq bugungi kunda dunyoning 44 mamlakati to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Bunday sharoitda ularning o‘zaro savdo aloqalari rivojlanishi ko‘p jihatdan tranzit salohiyati, ochiq va yaxshi qo‘shnichilik munosabatining yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, siyosiy xohishiga bog‘liqdir. Bu masalaga O‘zbekistonda ham alohida e'tibor qaratiladi.
Hududlarni o‘zaro bog‘laydigan mintaqaviy infratuzilmaning yo‘qligi, xususan, yuklarni chegarada rasmiylashtirish va o‘tkazishda vaqtning yo‘qotilishi bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri sanaladi. Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, dengiz bo‘yida joylashgan mamlakatlarda bunday vaqt o‘rtacha ikki barobar kamdir. Bundan tashqari, yuk tashuvchilar u yoki bu chegarani kesib o‘tayotganda, qo‘shimcha ma'muriy to‘lovlarni to‘lashga ham majbur bo‘layotgani sir emas.
Jahon banki mutaxassislarining qayd etishicha, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakatdan import qilinayotgan yuklarni yetkazib berish xarajati ummonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa oladigan davlatlarga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Albatta, bu xarajatlar oxir-oqibat iste'molchi yelkasiga tushadi.
Havo orqali yuk tashish esa qimmat va u dengiz orqali yuk tashishning o‘rnini bosa olmaydi. Bundan tashqari, aviatashuvchilar tomonidan yuk tashish qoida va tartib-taomillari har xilligi, sohaga yo‘naltirilayotgan transchegaraviy investitsiya hajmi kamligi, xususiy sektorning bu borada ishtiroki cheklangani uning rivojiga to‘sqinlik qilayapti.
Bunday noqulayliklar oqibatida mamlakatlarning eksporti, asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mineral resurslardan iborat bo‘lib qolmoqda. Iqtisodiy kompleks indeksi (ECI) ko‘rsatkichlari ham buni tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, hozirgi kunda bunday tovarlarning eksport tarkibidagi ulushi 33 foizdan 95,6 foizgacha yetadi.
O‘zbekiston dengizga chiqish uchun ikki mamlakat chegarasini kesib o‘tishi kerak. Boz ustiga, 1991 yilga qadar yurtimiz Janubiy, Farbiy va Sharqiy xalqaro transport yo‘laklariga na avtomobil, na temir yo‘l, na havo transporti bilan chiqish imkoniyatiga ega edi. Faqatgina shimoliy yo‘lakdan foydalanardik.
Mustaqillik yillarida zamonaviy yo‘l-transport infratuzilmasini shakllantirish, dunyo bozorlariga yangi yo‘llarni ochish, chet mamlakatlar bilan bog‘laydigan ilg‘or transport-kommunikatsiya tarmoqlarini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar qilindi. Ayniqsa, iqtisodiyotning asosiy qon tomiri hisoblangan yagona temir yo‘l tarmog‘ini yaratishga alohida e'tibor qaratildi. Uzunligi 700 kilometr bo‘lgan hamda Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy — Uchquduq — Sulton Uvaystog‘ — Nukus temir yo‘lining barpo etilishi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi. Keyinroq “Asr mo‘'jizasi” deya nom olgan noyob inshoot — Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Uzunligi 223 kilometr bo‘lgan mazkur qurilma yuk va yo‘lovchi tashish masofasini 170 kilometr qisqartirdi. Eng muhimi, yurtimiz tranzit to‘lovlarisiz o‘zining bu boradagi imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Temiryo‘lchilarimizning kuch-g‘ayrati bilan keyingi yillarda 1 200 kilometrdan ziyod yangi “po‘lat iz”lar yotqizildi, 3 800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilinib, qaytadan foydalanishga topshirildi, qariyb 1 100 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Natijada temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6 500 kilometrga yetdi va ular mamlakatimizning barcha hududini to‘liq qamrab olish imkonini berdi.
Ta'kidlash kerakki, xalqaro transport-kommunikatsiya tizimida avtotransport magistrallarining ham o‘rni beqiyos. Birgina 2016 yilda soha korxonalari tomonidan qariyb 256 kilometrlik avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi, 94,4 kilometrlik xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo‘l kapital ta'mirlandi. Hozirgi kunda yurtimiz avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 183 ming kilometrni tashkil qiladi. Ulardan 42,6 ming kilometri xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llardir.
Joriy yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi o‘zining 25 yilligini nishonladi. O‘tgan chorak asr davomida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya asosida mazkur tarmoqni taraqqiy toptirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aeroportlar infratuzilmasi tubdan modernizatsiya qilindi, aviapark to‘liq yangilandi, zamonaviy samolyotlar o‘zlashtirildi.
Bugun respublikamizdagi barcha aeroportlar xalqaro aeroport maqomiga ega. O‘zbekiston havo kemalari dunyoning 50 dan ortiq shaharlariga aviaqatnovni amalga oshirmoqda, Alyaskadan tortib, Yangi Zelandiyagacha charter reyslarini bajarmoqda.
So‘nggi paytlarda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi siyosat yuritilayotgani yurtimiz uchun tranzit sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash, mintaqa doirasida savdo aloqalarini kuchaytirish, yagona qoidalarni joriy qilish, chegara organlari hamkorligini kengaytirish, bojxona tartib-taomilini optimallashtirishga zamin yaratmoqda.
Mintaqada yaxlit infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi bu sa'y-harakatlar savdo-sotiq aloqalari faollashuvida kuchli rag‘bat bo‘layapti. Misol uchun, bugun O‘zbekiston tashqi savdoda resurslarga qaramlikni kamaytirgan holda, chuqur qayta ishlab chiqarishni rivojlantirishga ustuvor e'tibor qaratmoqda. Paxta xom ashyosining o‘rniga kalava ip va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Yurtimiz resurslaridan oqilona foydalanish esa xom ashyodan ko‘ra ko‘proq foyda keltirishi hech kimga sir emas.
Tashqi savdodagi mavjud to‘siqlarga qaramasdan, respublikamiz iqtisodiyotida barqaror rivojlanish sur'atlari ta'minlanmoqda. O‘n yildan ortiq vaqt davomida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmayapti. Eksport hajmini oshirish uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda. Bunda mintaqaviy hamkorlikka, o‘zaro savdo aloqalarini rivojlantirishga katta urg‘u berilayapti.
Respublikamiz hududlarida erkin iqtisodiy zonalarning tashkil qilinishi samarali infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi desak, ayni haqiqat. Jumladan, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro intermodal logistika markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda ushbu markaz O‘zbekistonni Yevroosiyoning asosiy logistika markazlari — Frankfurt, Milan, Bryussel, Vena, Oslo, Bazel, Saragosa, Dubay, Dehli, Tehron, Incheon, Tyan Tszin, Xanoy, Shanxay bilan bog‘lagan.
O‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik hamda istiqbolli loyihasi — Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunneli foydalanishga topshirildi. Uning ochilish marosimida qayd etilganidek, bu inshoot “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” loyihasining qurilishi sohasida Xitoy — O‘zbekiston hamkorligining ulkan yutug‘i bo‘ldi. Shu bilan birga, loyiha xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu temir yo‘l tarmog‘ining qurilishi orqali mustaqil O‘zbekistonda yagona va yaxlit temir yo‘l tizimi shakllanishi amalda nihoyasiga yetkazildi. Angren — Pop temir yo‘lining ishga tushirilishi biz uchun yiliga 10 million tonnadan ortiq yukni manzilga yetkazishda ham vaqtni, ham mablag‘ni bir necha barobar tejash, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror sur'atlar bilan rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, O‘zbekistonning tranzit salohiyatini tubdan oshiradi va u kelajakda xalqaro transport kommunikatsiyasining eng muhim tarkibiy qismiga, “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” loyihalaridan birining uzviy bo‘lagiga aylanishi mumkin.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin o‘shanda “Yo‘l-transport sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish “Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” loyihasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu ikki tomonlama hamkorligimizning ustuvor asosidir. Biz O‘zbekistonga mintaqaviy transport kommunikatsiyasi sohasidagi hal qiluvchi bo‘g‘in sifatida muhim ahamiyat qaratamiz va bu borada o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni oshirishdan, ikki mamlakatni rivojlantirish yo‘lida qulay sharoit yaratish uchun ushbu hududda infratuzilmalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni muntazam rivojlantirib borishdan manfaatdormiz”, degan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ldi va ikki mamlakat rahbarlari qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda davlat rahbarlari tranzit sohasida salohiyatni yuksaltirishga imkon beradigan hamda Turkmaniston orqali Transkavkaz transport yo‘lagi bilan Janubiy va Markaziy Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tranzit yuk tashish hajmlarini bir necha marotaba ko‘paytirishga qulay shart-sharoitlar yaratadigan “Turkmanobod — Farob” avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilishini yuqori baholashdi. Barcha ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga bir xilda mos keluvchi “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Ummon” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarni amalda tatbiq qilish muhimligi alohida e'tirof etildi.
Yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ikki davlat hududida tashqi savdo yuklarini tranzit tashishga 2017 yilda o‘zaro preferensiyalarning taqdim etilishi transport kommunikatsiyalari va infratuzilmalarini samarali ish yuklamasi bilan ta'minlash, qolaversa, tashishlarni yanada oshirib borish va qo‘shimcha yuk hajmlarini jalb etishda tashkilotlar uchun aniq va ravshan istiqbollarni belgilashga imkon berishi qayd etildi. Ikki mamlakat hududi orqali o‘tadigan xalqaro transport yo‘laklarining raqobatdoshligi va jozibadorligini yuksaltirish maqsadida, Tomonlar tashqi savdo yuklarini tranzit tashish tariflarini yanada maqbullashtirish va preferentsial shart-sharoitlar taqdim qilishga yo‘naltirilgan tizimli o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-23 mart kunlari Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Unda Prezidentlar ikki davlatning ulkan tranzit-transport salohiyatini hisobga olgan holda, tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta'minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar. Bu borada tomonlar o‘z hududlaridan tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda ikki mamlakat temir yo‘l ma'muriyatlari tomonidan o‘zaro preferensiyalar va qo‘shimcha chegirmalarning taqdim etilishi bu sohadagi hamkorlikni tubdan kengaytirishga hamda tranzit yuklarning salmoqli hajmlarini jalb qilishga imkon berishini ta'kidlashdi. Tomonlar “Beyneu — Akjigit — O‘zbekiston chegarasi” avtomobil yo‘li loyihasi, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining xalqaro dengiz kommunikatsiyalari va salohiyatli bozorlarga muqobil chiqishini ta'minlaydigan boshqa qo‘shma loyihalarning tez orada amalga oshishidan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Davlat rahbarlarining uchrashuvida qayd etilganidek, transport kommunikatsiyalari sohasi o‘zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining ochilishi, Toshkent — Olmaota tezyurar poyezdi hamda ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilgani transport kommunikatsiyasini yanada kengaytiradi, hududlararo aloqalar, savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.
2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham mamlakatimizning barqaror iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida davlat va mintaqaviy platformalarni hayotga jadal tatbiq etishdan manfaatdorligini yana bir karra tasdiqlaydi. Shunisi aniqki, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan sharoitda integratsiyaning muqobil yo‘llarini o‘zlashtirish o‘zining dolzarb ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlar markazi
materiallari asosida
Qobil XIDIROV tayyorladi.
Mavzuga oid
16:49 / 30.04.2024
O‘zbekistondagi maktablarning 87 foizida kanalizatsiya yo‘q - Delivery Unit
10:35 / 25.04.2024
Bloomberg: Shvetsiya muhim infratuzilmasini mustahkamlashni boshladi
09:10 / 01.04.2024
Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston qishloqlarini kompleks rivojlantirish uchun mablag‘ ajratadi
13:31 / 13.03.2024