21:54 / 14.04.2017
41441

AQSh B61-12 atom bombasini sinovdan o‘tkazdi

AQSh Harbiy-havo kuchlari 14 mart kuni Nevadadagi Tonopa poligonida takomillashtirilgan B61-12 termoyadroviy bombasini sinovdan o‘tkazgan. Bomba F-16C qiruvchi samolyotidan tashlangan. Robins aviabazasi saytidagi ma'lumotga ko‘ra, sinov yadro portlashlarini taqiqlash to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga binoan jangovar zaryadsiz amalga oshirilgan.

Xabarda aytilishicha, bu F-16C samolyoti orqali ilk sinov bo‘lgan. Kelgusida bombani B-2A, B-21, F-15E, F-16C/D va F-16 MLU, shuningdek F-35 hamda PA-200 samolyotlari orqali qo‘llash rejalashtirilgan.

2015 yilning noyabrida AQShning Nevada shtatida ilk marta B61-12 bombasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan edi. 

Modernizatsiya qilingan B61-12 atom bombasi hozirda AQSh armiyasi qurollanishida mavjud bo‘lgan B61 turkumidagi B61-3, -4, -7, -10 yadro bombalarining o‘rnini egallaydi.

Takomillashtirilgan bombaning ishlab chiqarilishi 2020 yilgacha boshlanishi rejalashtirilgan.

2020 yildan B61-12 bombalarini Yevropadagi harbiy bazalarda joylashtirish boshlanadi. Hozirgi kunda ushbu bazalarda bombaning eski modeli saqlanmoqda.

Bombaning yangi modifikatsiyasi maqsadga juda aniq tushishi bilan ajralib turadi. Bir necha kilometr balandlikdan tashlangan bomba ko‘rsatilgan maqsaddan bir necha metrda tushishi mumkin. Bu asosan chuqur yer ostida joylashgan, yaxshi himoyalangan qo‘mondonlik boshqaruv punktlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. Ularni faqat aniq  tushgan atom bombasi yordamida yo‘q qilish mumkin.

Top