Samolyotlarda uchraydigan nosozliklarning bir qismi ularning shassisi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular gohida yopilmaydi, boshqasida ochilmay qolishi mumkin.

Bunday paytlarda uchuvchilar o‘z mahoratini ko‘rsatib, samolyotni talafotsiz qo‘ndirishga urinadi. Vaziyatdan kelib chiqib, yo‘lovchilar tan jarohatlari olmasligi uchun oxirigacha kurashadi.

Bunday holatlarning aksariyatida uchuvchilar samolyotlarni suv havzalariga qo‘ndirishga harakat qiladi. Mabodo suv havzalari bo‘lmasa, unda boshqa choralarni qo‘llashadi. Zaxira aerodromlarga, hatto dalalarga ham qo‘nishlari mumkin.

Foto: airwar.ru

1963 yilda Tallin-Moskva yo‘nalishida parvoz qilgan Tu-124ning shassisida nosozlik yuz berganda uchuvchilar samolyotni Sankt-Peterburg shahri o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Neva daryosiga qo‘ndirishgan.

O‘shanda har qadamda ko‘priklari bo‘lgan Neva daryosiga samolyot muvaffaqiyat bilan qo‘ndirilgan va hodisada hech kim jarohat olmagan.

Muvaffaqiyatsiz loyiha

Garchi Tu-124 samolyotlari dunyoda ommaviy tarzda ishlab chiqarilgan turboparrakli dvigatel o‘rnatilgan ilk samolyot hisoblansa ham, u muvaffaqiyatsiz loyiha deb topiladi.

Tu-124 samolyotlari ilk bor 1960 yilda Tu-104 bazasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda 56 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan. Tu-124 sovet aviatsiya sanoatida eng kam ishlab chiqarilgan samolyotlardan biri hisoblanadi.

1960 yildan 1966 yilgacha undan bor-yo‘g‘i 166 dona ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, Tu-124 dan keyin chiqqan Tu-134 samolyotlaridan jami 854 dona ishlab chiqarilgan.

Aviation Safety Network sayti ma’lumotlariga ko‘ra Tu-124 samolyotlari bilan bog‘liq 17 ta halokat sodir bo‘lib, ularda 308 kishi halok bo‘lgan.

Tu-124 kichik aeroportlarga ham qo‘na olgani uchun undan asosan kichik shaharlarga parvoz qilishda foydalanishgan. SSSRda Tu-124dan foydalanish 1983 yilda to‘xtatilgan. Ayrim davlatlarda ulardan 1990-yillar oxirigacha foydalanishgan.

Neva daryosiga qo‘ngan Tu-124 samolyoti 1962 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hodisagacha bor-yo‘g‘i bir yildan oshiqroq vaqt parvoz qilgan edi.