Jahon | 19:30 / 15.04.2017
19243
3 daqiqa o‘qiladi

Huffington Post AQSh nima uchun ikki frontda jang qila olmasligini tushuntirdi

Foto: AP

AQSh rahbariyati mamlakatni ikki frontda – Suriya va Shimoliy Koreyada jang qilishga olib bormoqda. Agar bu ixtiloflar Vashingtonning Xitoy va Rossiya qurolli kuchlari bilan qarama-qarshiligiga aylanib ketsa, AQSh vaziyatning bunday tus olishiga tayyor bo‘lmaydi, deb yozmoqda Huffington Post portali sharhlovchisi Jyeyson Belcher.

Shimoliy Koreyadagi operatsiya Vashingtonni Pekin bilan ixtilofga borishiga, Suriyaga zarba berishlari esa Moskva bilan qarama-qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin. Jurnalistning fikricha, AQSh, Xitoy va Rossiya iqtisodiy aloqalar sababli bir-birlari bilan ixtilofga bormasliklari tarix tomondan inkor qilinishi mumkin, chunki shunday vajlar Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari oldidan ham keltirilgan, biroq bu ixtiloflar baribir yuz bergan.  

"Suriyaning to‘lib-toshgan osmonida AQSh samolyotlari Rossiyaning raketa zarbasi xavfi ostida harakat qilishiga to‘g‘ri keladi: tomonlardan birining biror-bir xatosi bilan samolyot urib tushirilsa, bu katta ko‘lamli ixtilofni keltirib chiqaradi", deb aytmoqda Belcher.

Jurnalistning fikricha, Xitoy Koreya yarimorolida ixtilof yuz berishi holatida AQSh armiyasining "texnologik ustunligini" yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan ikkita ustunlikka ega. Xitoy katta insoniy zaxiralarga ega va Shimoliy Koreya bilan chegaradosh, bu esa Xitoy armiyasiga quruqlikdagi qo‘shinlarni Shimoliy Koreyaga tezda tashlashga imkon beradi.  

"Millat uning fuqarolari zarur deb hisoblasagina urushga borishi kerak. Bugungi kunda AQShda bunday ehtiyoj yo‘q. Ikkinchi jahon urushida bo‘lgandek, bizni ikki frontda jang qilishga dushmanlar majbur qilmayapti, biz o‘zimiz buni tanlamoqdamiz. Bu biz qilishimiz kerak bo‘lmagan tanlovdir, chunki xavfdan qochishning iloji yo‘q. Bu biz hech qanday naf ko‘rmaydigan xavf-xatardir va biz millat sifatida bunga tayyor emasmiz", deb o‘z fikrlarini xulosaladi jurnalist.

Mavzuga oid