Jahon | 13:20 / 15.04.2017
18751
4 daqiqa o‘qiladi

NATO sobiq generali: Asad ketsa, IShIDga qarshi urush boy beriladi

Prezident Bashar Asad ayni vaqtda o‘z lavozimini tark etsa, mamlakat qurolli kuchlari parchalanadi va IShIDga qarshi urushda mag‘lub bo‘ladi. NATO harbiy qo‘mitasi sobiq rahbari va Bundesver (Germaniya armiyasi)ning sobiy bosh inspektori Harald Kuyat shunday fikrni ilgari surmoqda.

Asadning lavozimini tark etishi ehtimoli xususida fikr bildirgan iste'fodagi general, muammo Asadning ketishida emas, balki uning qachon va qanday sharoitda lavozimini tark etishida ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya "2015 yilda Suriyada sulhni o‘rnatish, muvaqqat hukumatini tashkil etish hamda erkin saylovlarni o‘tkazish zarur", degan tashabbus bilan chiqqan. Asadning ayni saylovda ishtirok etish masalasi esa, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi tortishish mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. 

"Bugungi kunda Amerika ma'muriyatidan eshitayotganlarimiz masalaga oydinlik kiritmaydi. Ular shunchaki, Asad ketishi kerak, deyishmoqda. Bu tushunarli, men esa, ulardan aniq javobni eshitishni xohlayman. "Katta yettilik" ham Asad ketishi kerak, deyishdan nariga o‘ta olgani yo‘q", - degan Kuyat. U Avstriyaning ServusTV telekanalidagi ommabop Talk im Hangar-7 ("7-angardagi suhbat") ko‘rsatuvida qatnashgan. 

"Masala shundan iboratki, buning oqibatida nima bo‘ladi? Agar, ertami-kechmi Asad javobgarlikka tortilishi borasida barcha yakdil ekan, u bo‘lg‘usi saylovlar va tinchlik jarayonlarida hech qanday o‘rin tutmaydi. Biroq, bugungi kundagi hal qiluvchi vaziyat quyidagicha: agar Asad hozir ketsa, Suriya armiyasi parchalanadi va IShIDni mag‘lub eta oladigan quruqlikdagi kuchlar bo‘lmaydi. Axir biz IShID ustidan g‘alaba qozonishni istaymiz, Tramp shuni xohlayapti, shekilli", - deb qayd etgan general. 

"Ishonamanki, AQSh va Rossiya IShIDni yo‘q qilishdan iborat siyosiy maqsadga olib keluvchi yo‘lni topishlari zarur", - deya qo‘shimcha qilgan Kuyat.

NATOning sobiq generali, shuningdek, G‘arb qadriyatlarini buzgan Donald Trampga “paxta qo‘yayotgan” Yevropaning tutgan pozitsiyasini ham anglay olmayotganini ta'kidlagan. Uning fikricha, Tramp mustaqil Suriyaga zarba berish bilan ushbu qadriyatlarga xilof ish qilgan. 

Generalning aytishicha, avval boshdanoq Rossiya Trampning AQSh hokimiyati tepasiga kelishini ijobiy baholadi. "G‘arb dunyosi esa uni salbiy qabul qildi va bir necha oylar mobaynida uni tanqid qilib keldi". "Kutilmaganda, Suriya aerodromiga uyushtirilgan raketa hujumidan so‘ng, Tramp G‘arb qahramoniga aylandi-qoldi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, biz qanday siyosat va qarashlarga rioya qilamiz o‘zi? Boshida Trampni G‘arb qadriyatlariga rioya etishga chaqirgan, aks holda u bilan hech kim hamkorlik qilmasligidan ogohlantirgan edik", - deb qayd etadi Kuyat.

"Endi esa, Tramp ushbu qadriyatlarni, mamlakat hududiy yaxlitligini buzib, suveren davlatga hujum qilganida va bunda Idlibda kimyoviy qurol qo‘llanilganiga doir birorta dalil taqdim etilmaganida, u G‘arb davlatlari hukumatlari va OAVning yoqimtoyiga aylandi. Bu g‘alati emasmi?" – deya savol bilan murojaat qilgan sobiq general. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid