Jahon | 21:04 / 16.04.2017
12692
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: AQSh Janubiy Koreyada yadroviy qurol joylashtirmoqchi emas

AQShning yangi ma'muriyati joriy bosqichda Janubiy Koreya hududida o‘z yadroviy qurolini joylashtirmoqchi emas. Bu haqda jurnalistlarga AQSh vitse-prezidenti Maykl Pensga Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘ylab turneda hamrohlik qilgan, Oq uy ma'muriyatidagi tashqi siyosiy maslahatchilardan biri ma'lum qildi. 

Oq uy vakilidan Shimoliy Koreya yangi raketa sinovlarini o‘tkazishi sababli AQSh hukumatida Koreya yarimorolida yadroviy qurol joylashtirish rejalari bor-yo‘qligi haqida so‘ralgan. "Biz bu yarimoroldan yadroviy kallaklarni olib chiqish uchun katta sa'y-harakatlar amalga oshirganmiz. Shuning uchun ayni vaqtda bunday reja yo‘q", deb javob bergan.

AQSh vakilining aytishicha, AQShning THAAD zenit-raketa majmuasi batareyasini Janubiy Koreyaga joylashtirish rejasining keyingi taqdiri Janubiy Koreyaning yangi prezidentiga bog‘liq bo‘ladi. 

Pens delegatsiyasi vakilining ta'kidlashicha, THAAD batareyalarini Janubiy Koreyada joylashtirish masalasi "oldinga siljimoqda, biroq hali ham hal qilish kerak bo‘lgan jihatlar bor". "Hukumat qabul qiladigan har qanday qaror kabi bu bir necha hafta yoki oylarga cho‘zilishi mumkin. Ish siljimoqda, biroq ochiqchasiga aytganda, janubliklarda may oyi boshida prezident paydo bo‘lmaguncha biror narsa deyish qiyin. Fikrimcha, bu qarorni keyingi prezident qabul qilishga haqli", deb aytgan Oq uy vakili.

Keyinroq Pensning Seulga kelgan boshqa rasmiy vakili "THAAD’ning Janubiy Koreyada joylashtirilishi bo‘yicha o‘zgarishlar" yo‘qligini ta'kidlab o‘tgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid