Jamiyat | 12:32 / 18.04.2017
6716
3 daqiqa o‘qiladi

Professor: Qozog‘iston rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olish uchun lotin alifbosini tanladi

Qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga o‘tishi mamlakatning rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olish maqsadi tomon tashlagan qadamlardan biridir. Filologiya fanlari doktori, professor, Ostonadagi Gumilev nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti filologiya fakulteti dekani Sholpan Jarkinbekova TASSga bergan intervyusida shunday fikrni bildirdi.

"Har bir suveren davlat o‘zining rivojlanish yo‘lini tanlaydi. Til sohasida ham xuddi shunday. O‘z oldiga dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirish maqsadini qo‘ygan Qozog‘iston bu borada lotin grafikasini tanladi. U dunyoda eng keng tarqalgan ingliz tili alifbosi uchun asos bo‘lgan. Ushbu tilda bugungi kunda mavjud barcha ma'lumotlar, ilmiy, texnik va madaniy axborotlarning 90 foizdan ortig‘i saqlanadi va hosil bo‘ladi", - degan Jarkinbekova.

Uning aytishicha, bugungi kunda qozog‘istonliklar shundog‘am lotin yozuvidan foydalanib keladi. 

Professor, yangi lotin yozuviga asoslangan alifboga to‘liq o‘tish uchun 8 yil borligini eslatar ekan, (reja bo‘yicha 2025 yilda o‘tilishi kerak) bu vaqt ichida jiddiy tayyorgarlik ko‘rish lozimligini ta'kidlagan. 

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur keng qamrovli loyiha sarflanadigan mablag‘lar "xarajat emas, balki kelajakka kiritilayotgan sarmoyadir". 

Professorning qayd etishicha, olimlar bu borada ulkan ishlarni amalga oshirishlari kerak. Ayni vaqtda, qozoq tilining barcha tovush xususiyatlarini aks ettiradigan alifboni ishlab chiqish zarur. 

Jarkinbekova qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tishidan kutilayotgan ijobiy natijalarni sanab o‘tdi. "Bu lotin yozuvidan foydalanayotgan mamlakatlar bilan muloqotimizni yengillashtiradi. Turli turkiy tilli mamlakatlarning o‘zaro yaqinlashuvi tomon qadamdir. Bu, shuningdek, Yevropa tillarini o‘rganishda qulaylik taqdim etadi", - deydi professor.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid