Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ota-onadan kelgani savob
Ota-onaga yaxshilik qilish, ularga mehribonchilik ko‘rsatish va buning odoblari haqida necha asrlarki yozib kelinadi. Bundan keyin ham yana ko‘plab maqolalar, kitoblar va boshqa bitiklar qalamga olinadi, albatta. Buning sababi bu ulug‘ ishligidadir.
Esimda, bir vaqtlar Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashganda telefoni jiringlab qoladi. U prezidentning gapini bo‘lib, “uzr, onam qo‘ng‘iroq qilyapti”, deb o‘zini chetga oladi va qo‘ng‘iroqqa javob beradi. Mana shu voqea ancha vaqt shov-shuv bo‘ldi. Jumladan, odamlarimiz orasida ham. Aslini olganda bu tabiiy bir hol, o‘g‘ilning onaga ko‘rsatgan ehtiromi edi.
Saytimiz orqali xitoylik ijodkorlar tomonidan ona mavzusida suratga olingan videorolik taqdim etildi. Unda betob qiziga shirin ovqatlar tayyorlab berish uchun olis va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan ona hikoyasi keltiriladi. Bu material o‘quvchilar tomonidan iliq qabul qilindi. Aslini olganda, bu bir tabiiy hol, ona o‘z farzandi uchun ming mashaqqatga rozidir. Bu shuning alomati edi.
Bu mavzu haqida yozishimdan asl murod nima, bilasizmi? Ota-onaga yaxshilik qilish masalasi biz uchun notabiiy, hayratlanarli va ajablanarli mavzu bo‘lmasligi kerak. Chunki bu xulq, bu odob biz o‘zbeklarning qon-qoniga singan abadiy e'tiqodimiz timsolidir.
Kuni-kecha bir voqeaga guvoh bo‘ldim. Ishdan qaytib, uyga qaytayotganimda mendan o‘n qadamlar uzoqlikda 13-14 yashar qizcha ketayotgan edi. Shunda uni onasi chaqirib qoldi. U “ha” deya javob qaytardi. Onasi uni yana chaqirdi. Shunda o‘sha qiz yonimdan o‘tayotganda shivirlab bir gapni aytdi-ki, uni eshitib a'zoi-badanim vijirlab ketdi: “Zz.... buncha qichqiradi”. Qizchaning nima sababdan bunday degani menga qorong‘i, qizchaning nima sababdan bunday haqoratli so‘z ishlatgani menga noma'lum. Ammo uning onasiga, ha aynan onasiga (men bunga aminman, chunki u “qizim” deb chaqirdi) nisbatan haqoratli so‘zni eshitganim rost.
Men diniy ulamo emasman, ammo kelajakdagi barakaning, xalqimiz tilim bilan aytganda kishining “kosasi qanday qilib oqarishi” mumkinligidan xabardorman. Millionerlar tomonidan maslahat tarzida, ya'ni qanday boyib ketish, farog‘atda yashash, hayotda o‘z o‘rnini topish haqidagi maqola va kitoblarni ko‘p o‘qiganmiz. Ammo ishonch bilan ayta olamanki, ota-onaga yaxshilik qilmay, bularning hech biriga erishib bo‘lmaydi.
O‘spirinlik davrimda bir qizni yaxshi ko‘rib qoldim. Ota-onam: “Sen xali yoshsan, aqlingni yig‘. U qiz sening sinfdoshing. Uylanishga erta...”, degan o‘gitlaridan o‘zimcha jazavaga tushib, rahmatli bobomlarnikiga qochib ketgandim. O‘shanda bobomnikida o‘n kuncha turdim, bunga ular qo‘yib berdilar. Ketar chog‘imda yonlariga olib shunday dedilar: “O‘g‘lim, og‘irroq bo‘ling. Ota-onangiz nima desa xo‘p deng, ulardan kelgani savob”.
Bu gaplar o‘shanda aql-shuurimga kirib bormagan edi, ammo uyga qaytgach, onamning ko‘zlariga qarab, juda o‘zimga ibrat olmagan bo‘lsamda, har holda boshqa jazavaga tushmadim. Yillar o‘tib, oqning va qoraning asl rangi qanaqa ekanligini tushunganimda, bobom bergan o‘gitning va bu o‘git zamirida yotgan asl haqiqatning nima ekanligiga shaxsan guvoh bo‘ldim.
Bilganim shu bo‘ldi-ki, har qanday muvaffaqiyat zamirida ota-onaga bo‘lgan yaxshilik yotadi. bu ayni haqiqatdir.
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
13:43 / 11.02.2025
2024 yilda tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onasi yoshi bo‘yicha statistika ochiqlandi
19:16 / 24.12.2024
“Muhokamada hali takomiliga yetmagan” – “Ma’naviyat ekspertizasi” qaytarilishi mumkin
19:04 / 17.12.2024