O‘zbekiston | 17:56 / 21.04.2017
9698
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalar shaharchasida talabalar uchun yangi markaz ochiladi

Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida Talabalar shaharchasi hududida quriladigan axborot-resurs markazi loyihasi bilan tanishdi.

O‘zA xabarida mamlakatda ta'lim tizimi izchil takomillashtirilayotgani, davlat rahbarining 20 apreldagi «Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur tizim sifatini yangi bosqichga ko‘tarishi qayd etilgan

Ushbu qarorda ko‘plab chora-tadbirlar qatori yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy ta'lim muassasalarining ta'lim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta'lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta'minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish bo‘yicha vazifalar belgilangan. 

Talabalar shaharchasida qurilishi rejalashtirilayotgan axborot-resurs markazi ana shunday zamonaviy talablarga javob beradi. Markaz elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga oladi. Bu Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti, o‘rta-maxsus ta'lim maskanlari o‘quvchi va talabalari, professor-o‘qituvchilariga katta qulaylik yaratadi. 

Prezident markaz loyihasi va konsepsiyasini takomillashtirish, uning qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Majmuani O‘zbekiston talabalarining Milliy ilmiy-ma'rifiy markazi tarzida tashkil etish, dunyo universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatish, xalqaro talablar darajasidagi kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy anjumanlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta'kidlagan. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid