O‘zbekiston | 20:19 / 25.04.2017
104901
5 daqiqa o‘qiladi

Propiska haqida aksiomalar

Dunyoning barcha davlatlarida aholini ro‘yxatga olish tizimi mavjud. Bu eng avvalo tartib-intizom, xavfsizlik uchun zarur. Inkor etilmas, isbot talab qilmas haqiqat. Ammo hamma joyda ham doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish bir-birini inkor etuvchi talablar, bir dunyo hujjat, ado bo‘lgan asablar, behuda uchgan vaqt kerak bo‘lmaydi. Buni chet elda yashayotgan minglab vatandoshlarimiz tasdiqlaydi. Keling, asosan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida muammoga aylangan propiska tizimidagi boshqa aksiomalar haqida ham to‘xtalsak.

Toshkentda vaqtinchalik propiskaga qo‘yish uchun ish joyidan ma'lumotnoma kerak, ishga kirish uchun esa propiska. Buni hech qanday so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Mantiqsizlik, tamom!

O‘zbekiston Konstitutsiyasida har bir fuqaro mamlakatning istalgan qismida yashash huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Biroq qonunda belgilangan holatlar bundan istisno deb shu yerning o‘zida ushbu huquqlar chegaralangan. 

Toshkentda 5 kundan ortiq propiskasiz yashab bo‘lmaydi. Ammo Toshkentga qachon kelgani, qachon ketishi isbotlovchi tizim mavjud emas. Deylik, siz Toshkentga bugun o‘z mashinangizda keldingiz. Buni sizni mahallalardan birida tutib olgan uchastkavoyga qanday isbotlaysiz? Pasportingizga Toshkentga kirishda muhr urib berishsa ekan, qonunni buzganingizga asos bo‘lsa.

Propiskaga qo‘ydirish 5 kun ichida amalga oshirilishi kerak. Bu talabni ishlab chiqqan “daho”lar inson omilini qaylargadir uloqtirib yuborishgan. Barcha zarur hujjatlarni tayyorlash, tasdiqlashdan tashqari, mutasaddilar oldida navbat kutishlar, sansolarliklar, ish vaqtlarining cheklangani, xullas, qarama-qarshi holatlar jarayonning haftalab, oylab cho‘zilishiga ham olib keladi. Siz esa 5 kun ichida yo propiskaga qo‘yishingiz, yo kelgan joyingizga qaytib ketishingiz kerak.

Toshkent – O‘zbekiston poytaxti. Hech qaysi qonunda respublika darajasidagi tashkilotlarda faqat toshkentliklar ishlashi shart, deb yozib qo‘yilmagan. Shu bilan birga, hamma davlat organlari rahbarlari ham asl toshkentlik bo‘lmagan. Bu yerda “tramvay effekti” deb nomlangan ajoyib hodisani kuzatish mumkin. Tasavvur qiling, siz bekatda intizorlik bilan tramvayni kutayapsiz. U to‘lib-toshib keldi. Amallab unga kirib oldingiz, eshiklar yopildi. Shu yerda sizning muammongiz tugadi. Endi siz tezroq manzilingizga yetib borishni xohlaysiz xolos. Iloji bo‘lsa tramvay boshqa bekatlarda to‘xtamasa, boshqa yo‘lovchilarni olmasa: shusiz ham tiqilinch, vaqt ketayapti, ishga kechikishingiz mumkin. Biror respublika tashkilotiga ishga kirib, doimiy propiskaga qo‘ydirvolgan amaldorlarga ham boshqalarning tashvishi mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. 

Toshkentda biror ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, sizdan ma'lumotingiz, ish tajribangiz, erishgan natijalaringiz, qo‘lingizdan nima ish kelishi emas, balki propiskangiz bor yoki yo‘qligi so‘raladi. Eng katta mantiqsizliklardan biri shu. Qo‘lida diplomi, chet elda malaka oshirgani to‘g‘risida sertifikati, erishgan natijalari haqidagi shahodatnomalardan propiska degan oddiygina muhr, bir parcha qog‘oz ustun turadi. Yoki aksincha, sizni Toshkentdagi biror korxona yoki davlat tashkiloti rahbari, deb tasavvur qilaylik. Ishingiz rivoji, katta daromad olib, raqobatga dosh berishingiz uchun sizga malakali kadrlar kerak. Har kuni sizga ish so‘rab oltindan qimmat kadrlar keladi. Siz orzu va tasavvur qilgan mutaxassislar. Ammo pasportidagi “tamg‘a” sababli ularni ishga olishga haqqingiz yo‘q.

Xullas shunday gaplar. Katta orzular bilan yirik shaharlarga intilish butun dunyodagi insonlarga xos bo‘lgan tabiiy holat, tabiiy jarayon. Chunki inson orzu-maqsadlar bilan yashaydi. 

Sanjar Said

sanjarsaid.uz

Mavzuga oid