Bolam o‘qishga o‘z kuchi bilan kirdi!
Iye, kimning kuchi bilan kirishi kerak edi?
Yoz ham kelib qoldi. Yaqinda bitiruvchilar oliy o‘quv yurtlari eshiklarini qoqa boshlaydilar. Ayniqsa, ota-onalar uchun eng hayajonli damlar bo‘lgan test sinovlari yaqinlashmoqda. Lekin test sinovlariga hamma ham bilimni asosiy va yagona qurol sifatida tanlab kirib borayaptimi? Yoshlarning, tabiiyki butun millatning kelajagini belgilab beruvchi bu sinov poraxo‘rlik, qing‘irlik, ta'magirlikdan xoli, deb ayta olamizmi?!
Dastlab, 1993 yilda test sinovlari joriy qilinganida eski tartibdagi imtihonlarga, ya'nikim tanish-bilishchiligu uzatishlarga ko‘nikib qolganlar chuv tushib, haqqoniy sinovdan o‘tgan o‘qishga qabul qilindilar. Bu jarayon keyingi yillarda ham davom etdi. Ammo ko‘p o‘tmay yana “yo‘lini qilishdi”. Boshqaning o‘rniga kirishlar, yonidagiga ma'lum haq evaziga yechib berishlar, shpargalkalardan foydalanishlar urchidi. Keyin telefon erasi boshlandi. Uyali aloqaning bu borada ham beminnat xizmat qilishi mumkinligi tezda anglab yetildi va bor harakat telefon olib kirishga qaratildi.
Ajoyib! Nazorat kuchaytirilgani sari go‘yo bilim olishga e'tibor kuchaymay, qing‘irlikning yangi usullarini topishga ko‘proq harakat qilinayotganday.
Yanayam qizig‘i yig‘inlarda, katta davralarda va hatto televizorga chiqib “Mening bolam falon institutga o‘z kuchi bilan kirdi!”, deya maqtanish urf bo‘ldi. O‘z kuchi bilan kirmay ot kuchi bilan kirishi kerakmidi? Umuman endi talaba bo‘lgan bolangiz ot kuchi nimaligini biladimi o‘zi?!
Test sinovi oldidan turli-tuman hojatbarorlar paydo bo‘ladi. Har yili, har oyda nechta o‘rtakashu, necha nafar “domullo” qo‘lga tushgani jar solinsada, ular soni ham aksincha oshib borayotgandek. Chunki har doim shunday bo‘lgan: nimagaki talab bor ekan, albatta, taklif ham paydo bo‘ladi.
Talabni esa o‘zimiz, o‘sha tizimni ham yomonlab, ham egri yo‘l topib pul tiqishtirishga urinayotgan sizu-biz yaratyapmiz. Chunki bir narsadan xavfsiraymiz, biz qilmasak boshqalar shu usulni qo‘llaydi va bizning bolamiz qolib ketadi. Jamiyat mana shu illatga qarshi jiddiy kurashmas ekan mamlakat taraqqiyoti jiddiy xavf ostida qoladi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
20:42 / 30.01.2024
Test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha test topshiriqlari soni va baholash mezonlari o‘zgarmadi
15:10 / 07.12.2023
Avval test ishlab, keyin qayerda o‘qish tanlanadi – 2024 yildan abituriyentlar qabuli o‘zgaradi
15:07 / 03.11.2023
Umumta’lim fanlaridan o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati e’lon qilindi
15:01 / 21.09.2023