17:31 / 12.05.2017
71304

Shavkat Mirziyoyev va Si Tszinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Foto: Getty Images

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Xitoyga keldi. 

O‘zA’ning xabar qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 12 may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. 

O‘zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin O‘zbekiston rahbarini Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi. 

"Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo‘ladi. 2016 yilda Buxoroda bo‘lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun minnatdorman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi", dedi Si Tszinpin. 

XXR Raisi Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta'kidladi. 

"O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmat ko‘rsatib, 2016 yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida dadil borayotgan mamlakat sifatida biladi", dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi. 

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Bugungi kunda Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan. 

2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshib bormoqda. 

Xitoy tomoni O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasi va keng ko‘lamli tuzilmaviy yangilanishlarga yuksak baho berdi va yuqori texnologiyalar sohasida, jumladan, sanoat va texnologiya parklari yaratish orqali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. 

Muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotganini hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning istiqboli porloq ekanini yorqin namoyon etdi. 

Top