Professor Saidmurod Mamashokirovning 2017 yil 10 martdagi maqolasini faylasuflarning qalb nidosi, voyvaylosi, desam bo‘ladi. 

Bitta ibratli misol: 2012–2016 yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan 226 fan doktori ilmiy darajasini olishga da'vogarlarga dissertatsiya himoya qilishga ruxsat etilgan va ular diplom olishgan. Mazkur omadi chopganlar (men ularning OAKning g‘ayriqonuniy va g‘ayriilmiy chig‘iriqlaridan muvafaqqiyatli o‘tgani bilan tabriklayman, albatta) ichida birorta faylasuf yo‘q.

Nahotki, shu yillar ichida falsafa bo‘yicha birorta ham da'vogar chiqmadi? Aksincha, ilmiy darajalar berish, Nizomlarining va OAK talablarining ketma-ket o‘zgartirilganiga qaramay tadqiqotchilarimiz so‘fiyona sabr, chidam va mardonavarlik bilan himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rib keladilar. O‘rta hisobda har yili kamida 5–6 da'vogar ilmiy darajali bo‘lishi tayin edi. Biroq, OAK raisi A.Yusupovning g‘ayriqonuniy va g‘ayriilmiy da'volari tufayli tayyor dissertatsiyalar himoya qilinmay keladi.

1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga ko‘ra fuqarolarga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi kafolatlanadi, 67 moddasida esa «senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi», deyilgan. Bu talab barcha ijod sohasiga taalluqlidir. 

OAK esa butun ilmiy daraja va unvon berish jarayonini o‘z qo‘liga olib, faqat o‘z so‘zi, qarashini to‘g‘ri, deb biladi. Dissertatsiya mavzularini tasdiqlashni, kim tadqiqot olib borishi mumkinligi (layoqat testini), qancha imtihon minumumlar topshirishi, qaysi tillarda dissertatsiya va avtoreferatlar tayyorlashi, qanday jurnallarda va qaysi davlatlarda maqolalar chop etishi, tadqiqot natijalarini qaysi muassasalarga joriy etishi, qachon seminarlardan o‘tishi, nechta dalolatnoma olishi shartligini u belgilaydi.

Avtoreferat, dissertatsiya va hujjatlarni qanday tayyorlanganini, qaysi jumladan keyin qaysi jumla kelishigacha faqat A.Yusupov «biladi». Shu tariqa u Ilmiy kengashlarni, olimlarni o‘z og‘ziga qaratib olgan. Hatto seminarlardan o‘tgan tadqiqotchilar ham uning shaxsiy ruxsatisiz himoya qilolmaydi. OAK raisining «Qodiri Mutlaq»ligi Ilmiy kengashlar va izlanuvchilarning huquqlarini yo‘qqa chiqargan. 

Byurokratik talablar bois, masalan, izlanuvchi birgina mavzuni tasdiqlash uchun bir, bir yarim yil vaqtini yo‘qotmoqda. Mavzu kafedrada, fakultet, keyin o‘quv yurti ilmiy kengashida, ilmiy seminarda va olimlar uchrashuvlarida muhokama qilingani OAKni qiziqtirmaydi. U istasa mavzuni chop etishga ruxsat beradi, istamasa — yo‘q.