O‘zbekiston | 20:50 / 23.05.2017
102939
7 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzdagi to‘rtta qishloq karantin yoqasida

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga qarashli Miroqi shaharchasi o‘zining go‘zal tabiati, musaffo havosi va xushmanzara joylari bilan nafaqat yurtimiz aholisini, balki xorijiy davlatdan kelayotgan sayyohlarning ham e'tiborini o‘ziga tortib keladi. Baland tog‘lar, qir-adirlar va shildirab oquvchi jilg‘alar-u, soylar bu shaharchaning o‘ziga xos manzarasini aks ettiradi.

Mana shu Miroqi shaharchasida Uloch qishlog‘i joylashgan. Qishloq aholisi mehnatkash, samimiy va ochiqko‘ngil kishilar. Tog‘ kishilari bo‘lganliklari uchunmi, yuzlari tiniq, o‘zlari esa tetik ko‘rinishadi. Ammo so‘nggi oylar ichida bu odamlarning boshiga og‘ir tashvish tushib qoldi. Gap, mubolag‘asiz aytganda, ularning hayot-mamoti haqida boradi.

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaatlardan birida shu haqda so‘z yuritilgan. Joriy yilning mart oyidan boshlab, mazkur qishloq hududiga Shahrisabz tumanidan chiqqan barcha chiqindi-axlatlarni mashina-mashina olib kelib tashlash boshlanadi. Bu ish bora-bora avjiga chiqadi va alaloqibat vaziyat jar yoqasiga kelib qoladi.

Gap shundaki, chiqindi-axlatlar to‘kilayotgan joydan qishloq aholisi ichadigan suv yo‘li o‘tgan. Yanada aniqroq tushuntiradigan bo‘lsak, mazkur qishloqqa toza ichimlik suvi quvurlari o‘tkazilmagan. Kuz va qish fasllarida tog‘larda yig‘ilgan qorlar, bahor oyiga kelib erib, jilg‘alar hosil qilib, katta anhorga borib tushadi va aholi ana shu suvdan iste'mol qiladi. Buloq suvlari ham shu jumladan. Tog‘ va yerdan sizib chiqqan suvning hech qanday zarar tomoni yo‘q, ammo ana shu suv yo‘liga har kuni 20-25 yuk mashinasida chiqindi-axlat ag‘darilsa, u haqiqiy ofatga aylanadi.

Mazkur masala yuzasidan Uloch qishlog‘i oqsoqoli Nurulla Ziyodullayev bilan ko‘rishdik. U kishining aytishiga qaraganda, mazkur ulkan chiqindixona qishloq atrof muhitiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda, chorvalarni zaharlamoqda va insonlar hayotiga xavf solmoqda. U kishi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur chiqindixona paydo bo‘lgandan beri, qishloqda 70 boshga yaqin chorva nobud bo‘lgan. U yerdan chiqayotgan badbo‘y hid butun qishloqqa yoyiladi, chivinlar esa kasallik tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Mahalliy aholi bilan suhbatlashganimizda ham ularning yuz-ko‘zidan norozilik alomatlarini payqash qiyin emas edi. Ularning aytishiga ko‘ra, chiqindixona ostidan sizgan suv toza suvga qo‘shilgach, suv ifloslangan va buning oqibatida ikki nafar yosh bola – biri “sariq” kasalligi bilan, ikkinchisi esa ichak yo‘llarining yallig‘lanish kasali bilan og‘rib, shifoxonaga shoshilinch yotqizilgan.

- Bu xatarning oldi olinmasa, mazkur chiqindixona juda katta fojiaga sabab bo‘lishi mumkin, - dedi qishloq oqsoqoli. – Chunki sel kelib axlatlar yirik anhorga tushsa, butun bir suv tizimi zaharlanadi. Mana shu yerdan o‘tuvchi suv Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarigacha boradi. Tasavvur qilyapsizmi fojia ko‘lamini. Bu suvdan iste'mol qiluvchi tirik jon bor-ki, undan zaharlanadi. Hozir bu falokatning oldini olishning ayni payti.

Qishloq oqsoqolining gapida jon bor. Xudo ko‘rsatmasin, biror bir fojia bo‘lib, hamma oyog‘ini qo‘liga olib chopgandan ko‘ra, muammo endi ildiz otayotgan vaqt unga bolta urish kerak. Qishloqda yashovchi bir kishi aytib qoldi: “Qishlog‘imizda bolalar oromgohi bor, lekin oromgoh direktori mana shu suv sabab bu yerga bolalarning yozgi ta'tilda qabul qilishga qo‘rqib turibdi. Bitta-yarimta bola suvdan zaharlanib qolsa, boshim bilan javob beraman, deydi boyaqish”. Haq gap. 

Ushbu masalaning yana bir jihati bor. Chiqindi va axlatlardan chiqayotgan iflos suv, u yerga olib borib tashlangan o‘lik hayvonlarning qon va yiringlari sizib, toza suvga butunlay aralashib ketish xavfi bor. Chorva mollari huddi o‘sha yerlarda o‘tlab, axlatlar ichida yuribdi. Ularning go‘shti zaharlanmaydi deb kim kafolat beradi?

Tog‘lar orasidan o‘tib kelgan suv yo‘li. Bu yo‘l to‘g‘ri chiqindixona tomon yo‘nalgan

To‘rtta qishloq – Qani, Polmon, Bo‘zariq va Uloch qishloqlari birlashgan Oqsuv QFY raisi Ilyos Kattayevning huzurida bo‘ldik. U kishining aytishiga qaraganda, joriy yilning aprel oyida Uloch qishlog‘i fuqarolari mazkur muammo yuzasidan shikoyat qilishadi va tuman hokimiyatiga murojaat etishadi. Tuman hokimi, prokuratura, IIB, sanitariya-epidemologiya va boshqa mutasaddi tashkilotlardan vakillar borib, u hududni o‘rganishadi. Ular vaziyatning nechog‘li tangligini hisobga olgan holda, Shahrisabz tumanidagi To‘damaydon QFYga qarashli G‘ani Boboyorov deb nomlanuvchi hududdan chiqindixona uchun joy ajratishadi. Qishloq hududida chiqindixona uchun boshlangan qurilish ishlari to‘xtatiladi.

Chiqindixonaning yoni. Suv to‘planadigan havza. 

Ammo mahalliy aholining aytishiga qaraganda, shunga qaramay bu yerga chiqindi olib kelish hamon davom etmoqda. Ular bu yer avvalgidek xushmanzara, bohavo joy bo‘lishini, nafaqat Respublikamiz balki chet ellik mehmonlarning ham ko‘nglini ovlashni istaydilar. Hech bir ish darrov va tez sodir bo‘lmaydi, ammo dunyoda paysalga solib bo‘lmaydigan ishlar ham bor. Vaqt kech bo‘lmasdan o‘sha ishni hal etish kerak, degan o‘git bergan donolar. O‘ylaymizki, Uloch qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan mazkur muammo yaqin kunlar ichida ijobiy tomonga hal etiladi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Sarvar Anvar o‘g‘li
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid