Jahon | 14:40 / 24.05.2017
3483
2 daqiqa o‘qiladi

Bryussel hokimi Erdo‘g‘an to‘xtaydigan mehmonxona yonida ommaviy aksiyalar o‘tkazishni taqiqladi

Foto: AP

Bryussel shahri burgomistri (ba'zi davlatlarda shahar hokimi) Ivan Mayyer Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an to‘xtaydigan mehmonxona yonida, Stefani maydonida kishilarning ommaviy yig‘ilishini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda La Libre xabar bergan.

Turkiya prezidenti Belgiya poytaxtiga NATO sammitida ishtirok etish uchun chorshanba, 24 may kuni kechqurun keladi.

Mayyerning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror Turkiyaning Vashingtondagi elchisi qarorgohi yonida, Erdo‘g‘an tashrifi vaqtida turk fuqarolari ishtirokida to‘qnashuvlar yuz bergach, qabul qilindi. Mushtlashuv natijasida to‘qqiz kishi jabrlandi, shu bilan birga, ikki nafari jiddiy jarohatlar oldi. Yana ikki kishi qo‘lga olindi, ulardan biriga politsiya zobitini haqorat qilish bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Avvalroq Turkiya prezidenti tarafdorlari Facebook’da mahalliy turklarni mitingga chiqishga chaqiruvchi kampaniyani ishga tushirdi. U 24 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan 21:00)da o‘tkaziladi. 700 dan ortiq kishi aksiyaga kelib, Turkiya rahbarini qo‘llab-quvvatlash istagida ekanini bildirgan.

TASS agentligining ta'kidlashicha, 23 may kuni Bryussel hukumati miting o‘tkazishga ruxsat bermaslikka qaror qildi.

Bryusselda Shimoliy Atlantika alyansi sammiti 25 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid