Jahon | 19:51 / 08.04.2020
3389
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament binosiga boshpanasizlar joylashtiriladi

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Yevroparlamentning Bryusseldagi binosining bir qismiga boshpanasizlar joylashtiriladi, binodagi oshxonalarda esa shifokorlar va muhtojlar uchun tushliklar tayyorlanadi.

Foto: ANP

Bu haqda Yevroparlament raisi David Sassolining bayonotida aytilgan.

“Bryussel regioni bilan kelishuvga ko‘ra, biz binomizning bir qismini sog‘liqni saqlash sohasidagi jiddiy favqulodda vaziyat vaqtida boshpanasizlar va jamiyatning zaif qatlamlariga taqdim qilishga qaror qildik”, deb aytgan Sassoli.

Uning ta'kidlashicha, Yevroparlament binosi oshxonalari kuniga mingdan ko‘proq tushlik tayyorlaydi. Bu tushliklar muhtojlarga va shifokorlarga ularga yordam tariqasida tarqatiladi. 

“Biz aziyat chekayotganlar, shifoxonalarimizda tinimsiz mehnat qilayotganlar, shaharga va Bryussel odamlariga, shuningdek, Strasburg va Lyuksemburgda yashaydiganlarga, bizni qutlaydiganlar va bugungi kunda yordamimizga muhtojlarga qalban yaqinmiz. Yevropaning qudrati uning birdamlikda harakat qila olishidadir”, deb ta'kidlab o‘tgan Yevroparlament rahbari.

Avvalroq Yevroparlament pandemiya ortida Strasburgda o‘tadigan an'anaviy yalpi sessiyalarini kamida sentyabrgacha to‘xtatgandi. Bryusselda qisqa sessiyalar o‘tmoqda va yevrodeputatlarga ularda masofadan ishtirok etish imkoni berilgan.

Mavzuga oid