Jahon | 23:18 / 25.05.2017
3865
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Mo‘sulda 100 dan ko‘proq fuqaroning o‘limiga aloqadorligini tan oldi

Foto: AP Photo/Felipe Dana

AQSh tomondan mart oyida G‘arbiy Mo‘sulning bombardimon qilinishi 100 dan ko‘proq fuqaroning o‘limiga olib kelgan. 

Pentagon tomondan ushbu fojia yuzasidan o‘tkazilgan hamda Suriya va Iroqda IShIDga qarshi operatsiyalar o‘tkazayotgan koalitsiya shtabi tomondan tarqatilgan tergov natijalari shuni ko‘rsatmoqda.

"Koalitsiya harbiy-havo kuchlarining 17 mart kuni Mo‘sulning Al-Jadid tumanida amalga oshirilgan bombardimonning tergovi portlash oqibatida pastki qavatlarida IShIDning ikki mergani va 101 nafar tinch fuqaro berkingan binoning vayron bo‘lganini ko‘rsatgan. Shuningdek, qo‘shni binodagi 4 fuqaro ham halok bo‘lgan", deb aytilgan hujjatda. Shuningdek, 36 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 

Tergov natijalariga ko‘ra, IShID jangarilari binoda ko‘p miqdorda portlovchi modda jamlashgani va unga koalitsiya aviatsiyasi tomondan snaryad tashlangani aniqlangan. Shuningdek, aviazarba berilishidan oldin "na iroqlik, na amerikalik harbiylar binoda tinch aholi berkinganini bilishmagani" ta'kidlab o‘tilgan.   

Koalitsiya operatsiyasining quruqlikdagi qismiga javob beruvchi, AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari general-mayori Jozef Martin aviazarba oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lganlari munosabati bilan hamdardlik bildirgan. "Koalitsiya fuqarolarni himoya qilish uchun barcha ilojisi bo‘lgan sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Tinch aholini himoyalashning eng yaxshi yo‘li IShIDni yakson qilishdir", deb aytgan Martin.  

Avvalroq arab va AQSh OAV ma'lum qilganidek, ushbu aviazarbalar oqibatida 200 dan ko‘proq odam, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan bo‘lishlari mumkin.    

Mavzuga oid

E`lonlar