Jamiyat | 11:20 / 25.05.2017
14394
3 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohur tumanida ashaddiy jinoyatchi 10 yarim yilga qamaldi

Foto: RIA "Novosti"

Toshkent shahrida tug‘ilgan Nurali Hoshimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hali 18 yoshga to‘lmasidan sudlanishga ulgurdi. O‘shanda jarima jazosiga hukm qilingan Nurali oradan bir yil o‘tib, yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu safar unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoning yarmini o‘taganidan keyin esa insonparvarlik tamoyillariga asosan sudning ajrimi bilan jazoning o‘talmay qolgan qismi ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Afsuski, u bulardan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Ko‘chada aylanib yurar ekan, nogoh anhor yoqasida noutbuk kompyuterida ishlab o‘tirgan yigit bilan qizni ko‘rib qoldi. Muqaddam ikki marta sudlangani-yu, ayni paytda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgani ham ko‘ziga ko‘rinmay, es-xayolini kompyuterni ulardan zo‘rlik bilan bo‘lsa-da olib qo‘yib, pullash egalladi. Shu sababli ko‘p o‘ylab o‘tirmay, cho‘ntagidan o‘yinchoq to‘pponcha chiqardi va ularga yaqinlashib, to‘pponchani qizning peshonasiga tiradi.

-  Tez turlaring! – dedi tahdid bilan.

Diplom ishiga tayyorlanib o‘tirgan yoshlar qo‘lida to‘pponcha ushlagancha tepalarida paydo bo‘lgan kimsani ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Unga javob berishga ham ulgurmay, zo‘ravon kompyuter bilan uyali telefonlarni berishni talab qildi. Keyin esa to‘satdan noutbuk bilan telefonlariga chang soldi. U buyumlarni changallagancha qochishga tushdi. Yigit uni quvishga kirishdi. Buni ko‘rgan Nurali shoshganidan noutbukni qo‘lidan tushirib yubordi. Ta'qibchi noutbuk bilan ovora bo‘lganidan foydalanib, zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Oradan taxminan bir oy o‘tganidan keyin Nurali Zangiota tumanidagi tanishlaridan birining uyida ishlay boshladi. Shunday kunlarning birida kechki payt ko‘chaga chiqib, shu mahallalik bir yigit bilan gap talashib qoldi. Gap talashish mushtlashuvga aylandi-yu, Nurali yonidan pichoq chiqarib, ularni ajratishga chog‘langan boshqa bir yigitning qorniga sanchib oldi. Shundagina nima qilib qo‘yganini tushunib, bu yerdan juftakni rostladi.

Ammo qonundan qochib bo‘lmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi Nurali Hoshimovga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qo‘shish yo‘li bilan bu safar 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid