Jahon | 14:08 / 29.10.2025
1684
4 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada 13–14 yoshlilar uchun hibs markazlari joriy etiladi

O‘smirlar ishtirokidagi bandalarga bog‘liq jiddiy jinoyatchilikdan aziyat chekayotgan Shvetsiya 13–14 yoshli qonunbuzarlarni qamoqqa joylashtirishni rejalashtirmoqda, deb e’lon qildi mamlakat Adliya vazirligi.

Foto: Elmo Riig/Sakala

Shvetsiyada 13–14 yoshdagy jinoyatchilar 2026 yil iyulidan boshlab voyaga yetmaganlar uchun saqlash markazlariga joylashtiriladi, deb yozadi dpa agentligi 27 oktyabr kuni mamlakat Adliya vazirligiga tayanib. Bungacha hukumat milliy qamoqxona xizmatiga og‘ir jinoyat sodir etgan 15–17 yoshdagilar uchun ozodlikdan mahrum etish muassasalarida maxsus bo‘limlar tashkil etishni topshirgan edi.

Bunday choralar Shvetsiya hududidagi jinoiy guruhlarga qarshi kurash bilan izohlanadi. Bu guruhlar ko‘p hollarda voyaga yetmaganlarni, jumladan, odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarga jalb qiladi. Hozircha mamlakatda 13 yoshli o‘smirlar jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Adliya vaziri Gunnar Stryommerning ta’kidlashicha, eng jiddiy jinoyatlar bo‘yicha jinoiy javobgarlik yoshini pasaytirish faqat jamiyatni himoya qilish uchun emas, balki bolalarni jinoyat yo‘lidan qaytarish uchun ham zarur. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalo 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan qonunbuzarlar uchun oltita hibsxonaning maxsus markazlarida 100–150 ta o‘rin yaratiladi. O‘g‘il va qiz bolalar alohida bo‘limlarda, shuningdek, kichik va katta yoshdagi o‘smirlar ham ajratib joylashtiriladi.

«13–14 yoshli o‘smirlar qurol bilan yurar ekan, jamiyat bugun qat’iyat bilan chora ko‘rishi kerak», — deya Shvetsiya parlamentining adliya qo‘mitasi raisi Xenrik Vingening so‘zlarini keltiradi dpa.

Financial Times (FT) nashri bilan 2020 yildagi suhbatda Shvetsiya Milliy politsiyasi komissari lavozimini egallagan Anders Tonberg bandalar tomonidan zo‘ravonlik mamlakat uchun «katta muammoga» aylanishi mumkinligini taxmin qilgan edi: «Hozircha bu bizning demokratiyamizga tahdid emas. Lekin muayyan guruhlar jamiyatdan tashqarida qolsa, biz ulkan muammoga duch kelamiz», — degan u o‘shanda.

FT o‘z materiallarida ta’kidlashicha, Shvetsiya bir necha yil davomida otishmalar, granatalar va portlovchi moddalar qo‘llangan hujumlar to‘lqinini boshdan kechirgan, «ayniqsa Stokholm, Geteborg va Malme shaharlarining chekka tumanlarida, bu mamlakatning eng yirik shaharlari bo‘lib, u yerda ko‘pchilik muhojirlar yashaydi». 2021 yilda Shvetsiya politsiyasi «o‘ta muhtoj» deb baholangan 61 ta hudud ro‘yxatini e’lon qilgan edi, FT qayd etishicha, «bu yerlarda aholining ko‘pchiligi yoki chet elda tug‘ilgan, yoki ikkisi ham xorijlik ota-onadan tug‘ilgan». Tonberg o‘shanda bunday hududlar fenomenini «Shvetsiya jamiyatining omadsizligi» deb atagan.

«Natija bermaydigan maktablar, begonasirash hissi, ishsizlik, ibrat bo‘la oladigan kattalarning yo‘qligi — bu omadsizlik. Shvetsiyada integratsiyada muvaffaqiyatga erishish juda muhim. Bu yoshlarga yordam berishimiz kerak. Ammo agar ular integratsiyalashmasa, javobgarlikka tortilishi shart. Ba’zan biz juda yumshoqmiz», — degan edi FT bilan suhbatda Anders Tonberg.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid