Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jyenevadagi Xalqaro mehnat konferensiyasining 106-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashmoqda
Joriy yilning 5 iyunida Jyeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining (XMK) 106-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Bu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.Abduhakimov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari B.Mahmadaliyevlardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xaynts Kyoller, XMT bosh direktori maslahatchisi Kari Tapiola va mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byuro direktori Mari Andre bilan uchrashuv o‘tkazdi.
XMT vakillari O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Davlat dasturini amalga oshirilishi, xalqaro standartlarga muvofiq mehnat normalarini tadbiq etilishi, XMTning ekspert-texnik ko‘magi yordamida monitoring olib borish va hamkorlikda qishloq xo‘jaligida mehnat sharoitlarini o‘rganish sohasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi.
2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida ijtimoiy soha beshta ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qabul qilinganligi, bu esa XMTning eng muhim prinsip va maqsadlari bilan hamohang ekanligi alohida qayd etildi.
Xalqaro tashkilot vakillari O‘zbekistonning XMT konvensiyalari va tavsiyalarini shuningdek, respublikaning XMT bilan hamkorlik mexanizmlarini hayotga tadbiq etishi tashkilotga a'zo boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi, qolaversa, O‘zbekistondagi ijtimoiy hamkorlarning muvofaqqiyatli uch tomonlama aloqalarini turli xalqaro maydonlarda va xalqaro tadbirlarning minbarlarida namuna sifatida namoyish qilish lozimligini bildirishdi.
Huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, aholi, xususan xotin-qizlar bandligi shuningdek, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoyasiga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni kengayshtirish yuzasidan bildirilgan fikrlarga rozilik bildirildi.
Hamkorlikning hozirgi ijobiy rivojlanish sur'atini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash hamda XMT konvensiyalarini amalga oshirishning aniq choralarini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.