Bevosita ko‘rsatmalariga asosan... yoki hammasiga balogardon prezidentimizmi?
Jurnalist Abror Zohidov amaldorlarning o‘zidan katta amaldorlarga nisbatan laganbardorligi masalasini qalamga oldi.
Fuqaroning o‘z davlatini sevishi, mamlakat yo‘lboshchisini hurmatlashi havas qilgulik hol. O‘zaro suhbatlarda, boringki rasmiy davralarda yurt rahbarini samimiy ulug‘lab qo‘yish ham chiroyli xislat. Ammo oddiy fuqaro qolib, yurt so‘raydiganlar qiyofasida hammasi yuzaki, zo‘rakiligi sezilib tursachi? Tilyog‘lamalik ayyorlik bilan qorishib ketsachi?
“Osmondagi bolalar” filmida bir lavha bor: yosh ijodkorning asarini tanqidchilarga katta bir yozuvchining muallifligi bilan taqdim etishadi. Hamma maqtaydi. Ertasiga asl muallif ma'lum qilinganida hamma darrov to‘nini teskari kiyib oladi va yomonlay boshlaydi. Ulardan biriga “Kechagina xuddi shu asarni maqtab turgandingizku? deya murojaat qilinganida: “Men kecha muallif deb o‘ylagan ulug‘ yozuvchimiz ko‘zi bilan qaragandim? deya javob beradi. Shunda “o‘zingizning ko‘zingiz qayerda edi?” desa osongina “Men fikrimni aytdim”, deydi egardan tushmay. Bugungi ba'zi rahbarlarimizning tutgan yo‘li ham shunga o‘xshab ketmayaptimi?
Amal kursisiga erishgan inson borki albatta tilyog‘lamalik qilishim shart deb o‘ylaydi shekilli. Aniq e'tibor bergansiz: kichikroq amaldordan tortib hokimu vazirlargacha biror muhim masala yuzasidan gap ketganida, hatto bu o‘zi uchun ham juda mayda ish hisoblansada, albatta “prezidentimizning bevosita ko‘rsatmalariga asosan... davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra...” kabi so‘zlar bilan boshlaydi. Aytadigan gapiga mos kelsa kelmasa, “prezidentmizning qarorlari bizga dasturulamal bo‘lmoqda” deya suhbatni o‘z so‘qmog‘iga bura ketadi va darhol muammo mohiyatini tushunmayotganini, o‘zini olib qochishga urinayotganini, yurt rahbari soyasidan panoh izlayotganini sezdirib qo‘yadi.
Bu nima, javobgarlikdan qochishmi, ertaga vaziyat o‘zgarsa, osongina o‘zidan soqit qilib olishga urinishmi, yoki yanayam qo‘rqinchlisi shaxsiy fikr yoki tashabbusning yo‘qligimi? Axir rahbar yoki mutasaddi deganlari faqat yuqoridan kiritiladigan dastur asosida ishlaydigan robot emasku!
Har bir narsaga prezidentdan turtki kutish shartmi? Aytaylik, qaysidir sohani tahlil qilishga hali davlat rahbarining vaqti yetmadi (yetmasligi ham aniq, chunki biror kun dam olganini ko‘rdingizmi?), demak o‘sha soha qoloqligicha qolaverishi kerakmi?
Aniq bilaman, ishonaman, umid qilamanki, rahbarimizga yuzaki maddohlar emas, sohasining ustalari, tashabbuskorlar, yurtga nafi tegadigan insonlar kerak. Demak,keling endi samimiyroq bo‘laveraylik. Maddohlikni qo‘yib, muammolarni yechaylik, vatan uchun jonfido qilaylik, maqtovni esa xalq bersin!
Yuqori rahbarlar bilan intervyularni kuzatarkansiz, ular go‘yo o‘zlari, faoliyatlari, mavjud muammolar yechimi-yu rejalari haqida emas, davlat rahbarining ko‘rsatmalari naqadar to‘g‘ri bo‘layotganini yoritishga urinayotgandek tutaverishadi. Axir sizga tikilib turgan qorako‘zlarning hammasining nigohini osongina prezidentga oshirib yuboraveradigan bo‘lsangiz, ochiq ayting, sizning nima keragingiz bor?!
Ikkinchi jihat. Mayli, muammo yuzasidanku, shu tariqa himoyalanar ekanlar. Lekin o‘rni kelsa kelmasa “muhtaram prezidentimiz” deya ihotalanaverishning nima hojati bor? Shaxsan men ham davlatimiz rahbarini hurmat qilaman, faoliyatini kuzatib boraman. U kishining deyarli har kuni yo‘lga qo‘yayotgan yillarga tatigulik islohotlarining ijobiy natijalarini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz kabi umid bilan kutyapman. Shu bilan birga o‘z sohamda ishimni ham ko‘ngildagidek davom ettirishga, biror yangilik kiritishga, shu jamiyatga oz bo‘lsada foydam tegishiga imkon qadar intilayapman. Chunki har bir inson o‘z ishini sidqidildan bajarsa, jamiyatga foydasi tegishini ko‘zlasa, ertangi kun bilan yashasa, mamlakat rivojlanadi. Bo‘lar-bo‘lmas tilyog‘lamalik bilan emas!
Mavzu yuzasidan gap ketganda kimlardir darrov “Bu qon-qonimizga singib ketgan” deyishadi. Kechirasiz, ayrimlargagina qarab xalqning qiyofasi yaratilmaydi. Kimdir, ayniqsa lavozimda o‘tirgan shunday qilsa, hamma shunday qilishi shart degani emas.
E'tibor berdingizmi, hali davlatimiz rahbarining surati kabinetlarni, ko‘chalarni, umuman lozim joylarni egallagani yo‘q. Nazarimda bunga ikkita sabab bor: avvalo birinchi prezidentimizga bo‘lgan chuqur hurmat bo‘lsa, ikkinchisi bungacha hali vaqt yetmayotganiyu xalq ko‘nglini avvalo mehnat bilan, zarur islohotlar bilan olish fikri. Shunday ekan adashmaylik, yoqsa yoqmasa maqtovga zo‘r bermaylik!
Abror Zohidov
Mavzuga oid
15:00 / 03.04.2024
Hokimlar va futbol. Bozorov, Abdurazzoqov, Azimov chempionlik maqsadini qo‘ydi, Abdurahmonovga 10-raqamli libos topshirildi
12:58 / 29.01.2024
O‘zbekistonda yana 16 ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi
22:33 / 04.10.2023
Eng kam hokim almashgan viloyat – Namanganning barcha rahbarlari bitta suratda
15:56 / 21.09.2023