Sport | 00:57 / 13.06.2017
35591
2 daqiqa o‘qiladi

Babayan matbuot anjumaniga o‘zi keldi va terma jamoada hali imkoniyat saqlanib qolganini aytdi

Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 8-turidan o‘rin olgan Eron – O‘zbekiston (2:0) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samvel Babayan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Birinchi navbatda Eron terma jamoasini Rossiya bo‘lib o‘tadigan JCh–2018 turniriga chiqqani bilan tabriklayman. Ular haqli ravishda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini tan olish kerak. O‘zbekistonda JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun hamon imkoniyat saqlanib qoldi.

Mazkur o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ko‘plab yo‘qotishlarga duch keldik va bugungi o‘yin boshida yo‘qotishlar yana bittaga ko‘paydi. Bu uchrashuvdagi rejamizga o‘z ta'sirini o‘tkazdi va kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadik. Stanislav Andreyevning jarohat olib, maydonni tark etishi va majburiy o‘zgartirish amalga oshirganimiz sababli o‘ylangan rejaga ko‘ra Server Jyeparov bugun maydonga tusha olmadi.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qoldi. Qolgan ikki o‘yinda sifatli o‘yin ko‘rsatib, bor kuchimizga ishga solgan holda g‘alaba qozonishimiz va oldinga intilishimiz kerak”, – deya Samvel Babayanning so‘zlarini keltirgan O‘FF matbuot xizmati.

8-turdagi g‘alabadan keyin Eron terma jamoasi ochkolari sonini 20taga yetkazib, muddatidan avval Rossiyadagi mundialga yo‘llanma oldi. O‘zbekiston 12 ochko bilan “A” guruhida uchinchi o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yindan avvalgi matbuot anjumaniga bosh murabbiy kelmagan, uning o‘rniga yordamchi murabbiy Viktor Jalilov jurnalistlarning savollariga javob qaytargandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid