O‘zbekiston | 23:54 / 14.06.2017
70293
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident din ulamolari bilan uchrashadi va iftorlik qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy ta'lim tizimiga katta e'tibor qaratilishi va bu borada din ulamolari hamda soha vakillariga zarur ko‘rsatmalarning berib borilishi, shuningdek, bu ishlarda davlat rahbarining shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘layotgani jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilinmoqda.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Adliya vazirligining xabar berishicha, berilgan ko‘rsatmalarga asosan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Mir Arab oliy madrasasi tashkil qilinib, 2017 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qisqa muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 

Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda maktab, kollej, litsey va oliy ta'lim muassasalarida dinshunoslik fanini kiritishga doir ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ma'rifiy islomga oid o‘quv adabiyotlari va dasturlar ko‘rib chiqilib, bu fan qayta tashkil qilinadi. 

Kun.uz'ning bir nechta manbalari bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning 15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik diniy soha vakillari bilan majlis o‘tkazadi va shu bilan birga iftorlik ham bo‘lib o‘tadi. Bu majlisda, o‘z navbatida, Islom dini ma'rifati va uning yoshlar hayotida tutgan o‘rni yuzasidan keng muhokama o‘tkazilishi ham kutilmoqda. 

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash lozim-ki, bugungi davrda jahon xalqlariga xavf solayotgan terrorizm, ekstremizm va aqiydaparstlikning maqsadi, avvalo, yoshlar ongini zaharlashga, bu orqali ulardan jangarilar, qo‘poruvchilar yetishtirib chiqarishga qaratilgan. Sof Islom g‘oyalariga mutlaqo begona bo‘lgan bunday qarashlar ilmga chanqoq yoshlarni aldanishiga, ularning to‘g‘ri yo‘lni topib olishlariga g‘ov bo‘lmoqda. Jamiyatdagi bu bo‘shliqni to‘ldirishni, yoshlar tafakkurida sof Islom ma'rifatini shakllantirishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
O‘zbekiston diyori zabardast olimlarni, Islom dini ilmining darg‘alarini yetishtirib bergan muqaddas zamin sifatida juda ko‘plab davlatlar tomonidan e'tirof etilmoqda. Yurt kelajagi bo‘lmish yoshlarning ajdodlarga munosib izdosh bo‘lishi esa bugungi tashlanajak qadamlar va muhim qarorlarga chambarchas bog‘liqdir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid