O‘zbekiston | 03:40 / 15.06.2017
14703
3 daqiqa o‘qiladi

Gazdan foydalanish va to‘lovlarni amalga oshirish madaniyati achinarli ahvolda...

Barchamiz yaxshi bilamizki, gaz juda katta mashaqqat va mehnat hamda xarajatlar evaziga olinadi. Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda "O‘zbekneftgaz" vakillari shu jihatlarni inobatga olish kerakligiga diqqatni qaratishdi. 

"Bozordan deylik non yoki biror zarur mahsulotlarni olish, uyali telefon xizmatlari uchun o‘z vaqtida pul to‘lash hech kimning yodidan chiqmaydi. Bu mahsulotlarni pul to‘lamay ko‘tarib ketish esa, o‘g‘irlik hisoblanadi...biroq gaz-chi?! Gaz davlatniki, poylab turadi, degandek muomala qilish, tabiiy boyliklardan foydalanganlik uchun pul to‘lamaslik - o‘g‘irlik emasmi?", - deydi "O‘zbekneftgaz" rahbari. 

Shu o‘rinda bugungi kunda mamlakatimizda gazdan foydalanish va to‘lovlarni amalga oshirish madaniyati ustida ishlanayotgani ta'kidlab o‘tildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida gaz tizimi bo‘yicha qarzdorlik 100 milliarddan ortiqni tashkil qiladi... Agar hamma o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirsa, hech qanday majburiy to‘lov undirish mexanizmi yaratilmas edi, deydi ekspertlardan biri. 

Bundan tashqari, mutaxassislar aholini gaz isrofgarchiligidan saqlanishga chaqirishdi. 

"Afsuski, bugungi kunda ba'zi oilalar yo gugurtni tejab, yoki mehmon kelishini kutishdek bahonalar bilan gazni yoqig‘liq holatda qoldirishadi, yana kimlardir vannaxona isib tursin deb issiq suvni oldindan yoqib qo‘yishi, bu esa gazning isrof bo‘lishiga olib kelmoqda", - deyildi anjumanda. 

Tejamkorlik - zamon talabi bo‘lgan bir paytda  O‘zbekistonning qazilma boyliklariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni kelgusi avlod vakillari hisoblangan farzandlarimizga yetkazish bizning burchimizdir. Nafaqat o‘zingiz, balki atrofingizdagilarning ham tabiiy resurslarni isrof qilishiga yo‘l qo‘ymang, chunki bugun tejalgan boylik ertaga farzandingizning kuniga yaraydi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid