Light | 19:45 / 18.06.2017
81957
5 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxonaga o‘xshash 12 qamoqxona (fotojamlanma)

"Qamoq" deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga tor kameralar, tatu tushirilgan mahbuslar va qahri qattiq nazoratchilar keladi. Biroq ba'zi mamlakatlarda jazoni o‘tash joylari mehmonxonalarga o‘xshab ketadi (4-5 yulduzli emas, albatta). Ular hatto eng ashaddiy jinoyatchilarning ham "tuzalishi"ga mo‘ljallangan. Bunday joylardagi sharoitlar shartli ravishda hashamatli ko‘rinishi mumkin. Masalan, Norvegiya qamoqxonalarida zamonaviy jihozlangan sport zallari, Uelsda esa hatto bilyard stollari ham bor. Business Insider butun dunyodan jazoni o‘tash har xil bo‘lishidan dalolat beruvchi suratlarni jamladi. 

Finlyandiyadagi Suomenlinna qamoqxonasida tikanli simlar yo‘q - faqat pastgina darvoza bor, xolos, shu bois uni ko‘pincha "ochiq qamoq" deb atashadi. 

Norvegiyada Xalden qamoqxonasida mahbuslarga ovqat tayyorlash, videoo‘yinlar o‘ynash va basketbol bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Yumshoq matraslar to‘shalgan kameralar esa, jazoni o‘tash joyidan ko‘ra ko‘proq universitet yotoqxonasiga o‘xshaydi. Norvegiyaliklar mahbuslar bilan insonlarcha muomala qilinsa, ular ham jamiyatning to‘laqonli a'zosi bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini ilgari surishadi. 

Yangi Zelandiyadagi Otago tuzatish markazi mahbuslarining xonalari qamoqdan ko‘ra ko‘proq o‘smirlar yotoqxonasiga o‘xshab ketadi. Bu yerda tibbiy muolaja xonalari va kutubxona bor - mahbuslar o‘zlarini jamiyatdan uzilgandek his qilmasliklari uchun sharoitlar yaratilgan.

San-Pedro qamoqxonasi - taxminan 20 yil avval paydo bo‘lgan ajoyib maskan. U Boliviyaning La-Pas shahrining markazida bir dahani band qilgan. Aslida San-Pedro - bu baland devorlar bilan o‘ralgan o‘z-o‘zini boshqaruvchi mahbuslar kommunasi. Dahaning ichida qo‘riqchilar yo‘q, ular faqat chegaralarnigina qo‘riqlashadi. San-Pedroda jami 3 ming mahbus oilasi bilan yashaydi. Kommuna hududida ochiqchasiga giyohvand moddalari bilan savdo qilinadi. Shunday ekan, bu qamoqxona ko‘proq nochor oilalar yashaydigan hududga o‘xshaydi. 

Avstriya Adolat markazi aksariyat qamoqxonalardan farq qiladi - birinchi navbatda me'morchilik nuqtai nazaridan. Loyiha muallifi Jozef Xoushenn inshootni juda yorug‘ qilib yaratgan. Kiraverishda ikki xil yozuv bor - biri mahbuslarning insoniy munosabatga doir huquqlari va shaxsiy qadr-qimmatini hurmat qilish haqida. 

Ispaniyaning Aranxues qamoqxonasi mahbuslarning farzandlari ham ular bilan qolishiga imkon beradi. Bu yerda bolalar bog‘chasi va bolalar maydonchasi ham bor, devorlarda esa Disney multfilmlari qahramonlari tasviri tushirilgan - bolalar yaqinlarining qamoqda ekanini anglamasliklari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Indoneziyadagi Pondok Bambu ayollar qamoqxonasida lyuks nomerda yashab jazo muddatini o‘tash mumkin. Bunday xizmat turi bepul emas, albatta. Shunday bo‘lsa-da, ba'zi mahbuslar pora evaziga u yerga joylashishning uddasidan chiqishadi. 

Agar og‘ir qulf osilgan eshiklar bo‘lmaganida Hazrati Oliyalarining Uelsdagi qamoqxonasi davlat maktabiga o‘xshar edi. Bu yerda o‘qish va o‘rganish uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan, issiq dushli sport zali, stol tennisi va bilyard stoli mavjud. 

Shvetsiyaning Sollentun qamoqxonasida mahbuslarga taom tayyorlash, shuningdek televizor ko‘rish yoki sport zalda vaqt o‘tkazish imkoni beriladi. Bu yerda ham Finlyandiya va Norvegiyadagi kabi mahbuslarning tuzalishiga skandinaviyacha yondashuvni ma'qul ko‘rishadi. 

So‘nggi yillarda Shveytsariyaning Champ-Dolon qamoqxonasi mahbuslarga to‘lib ketdi, shu bois hukumat unga 40 million dollarga yangi qanot barpo qilishdi, mavjud kameralar esa modernizatsiya qilinib, yanada qulay qilib kengaytirilgan. 

Norvegiyaning Basta qamoqxonasida mahbuslar alohida orolda jazo o‘tashadi, bu yerda tennis o‘ynab, baliq tutib, chang‘i uchib va otda sayr qilib, vaqt o‘tkazish mumkin. 

Yaponiya aholisi qarishda davom etmoqda. Shu bois qariyalar uchun qamoqxonalar yanada keng ko‘rinish olmoqda. Onomichida umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar jazo muddatini o‘taydi. Bu yerda maxsus to‘siqlar bo‘lib, parhez taomlar taqdim etiladi, mahbuslar esa to‘qish va tikish bilan vaqt o‘tkazishadi. 

Mavzuga oid