O‘zbekiston | 17:34 / 19.06.2017
36745
2 daqiqa o‘qiladi

Majburiy ijro byurosi xodimlari uchun rasmiy formalar hali tasdiqlanmagan

Majburiy ijro byurosi xodimlari uchun formalarning yakuniy ko‘rinishi hali tasdiqlanmagan. «Kun.uz»ga Adliya vazirligi vakili ma'lumot berishicha, internetda tarqalgan suratlar haqiqiy formalar emas.

Shu bilan birgalikda, haqiqiy formalar ham internetda tarqalgan suratlardagiga o‘xshab ketishi, xodimlarda xuddi shunday rangdagi formalar va kepkalar bo‘lishi aytildi. Lekin, forma yelkasida MIB yozuvi, xodimning qo‘lida esa dubinka bo‘lmaydi.

«Xodimlar politsiyachilardek bo‘lishi haqiqatga yaqinmas. Ular dubinkada yurmaydi. Ularda umuman qurol bo‘lmaydi. Ular tartibni, xavfsizlikni ta'minlash bilan shug‘ullanmaydi. Ular qarzdorlarning uyiga borib, qarzni to‘lashga chaqiradi, qarzni to‘lamaslik oqibatlaridan ogohlantiradi», degan suhbatdosh.

Vazirlik vakili formalarni tayyorlash hali loyiha bosqichida ekani, yaqin vaqt ichida formaning haqiqiy suratlari e'lon qilinishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun ijtimoiy tarmoqlarda  go‘yoki Majburiy ijro byurosi xodimlari tasvirlangan suratlar tarqaldi. Endi ma'lum bo‘lishicha, bu ijtimoiy klip suratga olinishi jarayonida olingan suratlar edi.

2017 yil 29 maydagi prezident farmoniga ko‘ra, Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.

Toshkent prokurori Botir Qudratxo‘jayev kommunal to‘lovlarni undiruvchi byuroga rahbar etib tayinlangan.

Mavzuga oid