Zamonaviy texnologiya va vositalar juda keng tarqalgan bugungi kunda yoshlarni, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularni mutolaa jarayoniga jalb qilish murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, butun mamlakat bo‘ylab kitob mutolaasiga rag‘batni oshirish, kitobxonlar safini yanada kengaytirish uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak? Nima qilinsa yoshlar, bolalar kitob o‘qishga jon-jahdi bilan intiladi?
Buning uchun birinchi navbatga kitobga olib boradigan yo‘llar yaqin va oson bo‘lishi kerak. Siz ta'lim muassasalarida kutubxonalarning qayerda joylashganiga e'tibor berganmisiz? Odatda maktabning eng chetida, ko‘rimsiz, kimsa bormas bir burchagida bo‘ladi. Oshxona, o‘qituvchilar xonasi, sport zali, ul-bul mayda-chuyda sotiluvchi rastachalar maktabning kirish qismida, hammabop joyida. Aslida esa ular hatto maktabning orqasida, hovlining bir chetida bo‘lsa ham topib borishadi. Nima, kitob yegulik, jismoniy mashq yoki ruchka-qalamdek zarur narsa emasmi? Axir u tarbiya, mushohadakorlik, ma'naviy barkamollik manbai-ku.
Ikkinchidan, kutubxona xodimlariga nisbatan, kutubxonachilarning esa o‘z ishiga nisbatan munosabatini o‘zgartirish kerak. Yaqinda Do‘stlik tuman axborot resurs markazi tomonidan kitobxonlikka oid seminar-ko‘rgazma tashkil etildi. Unda barcha maktablardan vakillar, o‘quvchilar qatnashdi. Tadbirda qatnashar ekanman, qariyb barcha tashkiliy ishlar qanday qilib bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, bu bo‘yicha tajriba almashish va mavjud muammolarni hal etishga emas, balki “tepadan”, ya'ni yuqori tashkilotlardan keladigan tekshiruvchilarga qanday munosabatda bo‘lish, ular qanday hujjatlarni tekshirishi, ayni shu jihatdan kamchiliklarni qanday bartaraf etishga qaratilganiga amin bo‘ldim. Bir gap bilan aytganda, bolaning emas, komissiyaning ko‘nglini olish, ularga yomon ko‘rinmaslikka qaratilgan bor e'tibor. Ushbu tadbirda viloyat ARM rahbari jurnalist ekanimni eshitib, mendan bir masalani ko‘tarib chiqishni takror va takror iltimos qildi. Uning aytishicha, mahalliy hokimiyatlar, sohaning yuqori tuzilmalari rahbarlari kutubxonachilarni bekorchi deb o‘ylashadi. Qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish va hokazo ishlarda birinchi navbatda kutubxonachilar jalb etiladi. Bir yilda sovuq mavsumdagi to‘rt-besh oyni hisobga olmasa, ular deyarli o‘z ishlari bilan shug‘ullana olishmaydi. Bunaqada qanday qilib samaradorlikka erishish mumkin? Axir kutubxonachi o‘z zimmasiga yuklatilgan tashkiliy ishlardan ortib kitob ham o‘qishi, mutolaani jondan sevishi kerak emasmi?
Shu o‘rinda tasavvur qilib ko‘ring: Siz oddiygina maktabda o‘qiydigan oddiygina o‘quvchisiz. Maktabning bir burchagidagi sehrli-sirli xonaga yurak yutib bordingiz, balki bu kimsasiz burchakka kelganingiz uchun qo‘rqayotgandirsiz ham. Ammo nimadir sizni ilgari chorlayveradi. Shunda kutilmaganda mehribon bir nigoh sizni qarshi olsa. U sizga yoshingizdan kelib chiqib bir necha kitoblarni taklif qilsa, o‘sha kitob haqida shu qadar qiziqarli hikoyalar, o‘z taassurotlarini aytib bersaki, butun dunyoni unutib mutolaaga berilib ketsangiz. So‘ngra har kuni o‘sha nurli maskanga oshiqsangiz. Kutubxonachi siz bilan hayotiy mushohadalarini o‘rtoqlashsa, fikringiz, munosabatingiz bilan qiziqsa, kerak bo‘lsa u bilan dardlashsangiz. Axir u qanchalar ko‘p kitob o‘qigan, dunyoqarashi qanchalar keng. Bunday odamning suhbatiga to‘yib bo‘larkanmi? Ammo real vaziyatga bir nazar solingchi. Aksariyat kutubxonalarda kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan, bor xodimlar ham (ularni kutubxonachi, deyishga tilim bormaydi) kitob mutolaasidan mosuvo. Bu yerga faqat vaqt o‘tkazish va oylik olish uchun keladigandek. Ba'zi kutubxonalarda kitob olish yoki u yerga a'zo bo‘lish uchun biror yangi kitob berish talab qilinadi vahokazo...
















