• Quronov hozirda Yoshlar ishlari agentligining elektron va audio kitoblar bo‘yicha yangi loyihasi – Mutolaa intellektual superilovasida bolalar adabiyoti bo‘limi bosh muharriri bo‘lib ishlab kelmoqda.

Bolalar adabiyoti – muammolari ko‘p va xo‘p aytiladigan, lekin biror arzirli natija, yechim ko‘rilmaydigan sanoqli sohalardan biri. Shu sababli, doim muammoning mohiyatini izlayman, ba’zan optimist, ba’zan pessimist bo‘lib maqolalar yozaman. Taskin izlayman.

Quyida ham sohadagi 8 yillik faoliyatimda anglaganlarimning qaymog‘ini aytishga urindim. Aniqrog‘i, bu har-har zamon qilib turadigan urinishlarimning yana biri, xolos... 

Mavzu...

Adabiy uchrashuvda bir ayol menga savol berdi: “Nega qahramonlaringiz taqdiri bu qadar to‘kis, nega zig‘ircha bo‘lsa ham iztirob, ayriliq yo‘q? Axir, hayot unday emas-ku?!” Ayolning savoli, uning mahzun qarashlari meni dovdiratib qo‘ydi. Javobim yo‘q edi, shunchaki, bilmasdim...

Keyinroq, chet el bolalar yozuvchilarining bir podkastini tingladim. Unda eri to‘satdan vafot etib qolgan va uch farzandi bilan beva qolgan yozuvchi ayol qismati haqida so‘z bordi. Ayol o‘zi va farzandlarini tushkunlikdan chiqarish uchun otasi vafot etgan qahramon hayoti haqida asar yozadi. Kutilmaganda, bu asar bessellerga aylanadi...

Podkastni tinglarkanman, ko‘z oldimga o‘sha – savol bergan ayol keldi. Hoynahoy, uning farzandlari ham ayriliq alamini totib ko‘rgan. Mening ideal turmush haqidagi asarim esa ularning ruhiyatiga aks ta’sir ko‘rsatgan!..

Shu-shu, bolalar asarlarining mavzusi haqida ko‘p bosh qotiradigan bo‘ldim. O‘ylab qarasam, bizning bolalar adabiyoti hali ham u qadar ijtimoiylashmagan. Ya’ni hamon ertak va dostonlardagi ideal taqdir va qahramonlarning ta’siri kuchli. Hayotiy, maishiy muammolar haqida yozishga esa ko‘pam urinmaymiz, go‘yo bu adabiyot emas, adabiyot faqat cho‘pchak bo‘lishi shart.

Adabiyotni ideallashtirganimiz sabab biz darsda ishtonini ho‘llab qo‘ygan, bexos yel chiqarib yuborgan, puli yo‘qligi sabab tushlik qila olmaydigan yoki tilida nuqsoni bor bolalarning kechmishi haqida deyarli yozmaymiz. Biz uchun adabiyot katta narsalar, g‘oyalar haqida kuylashi zarur, tamom!    

Menimcha, o‘zbek bolalar adabiyoti trendga chiqa olmasligining asosiy sabablaridan biri shu – mavzularning hayotiy emasligi bilan bog‘liq.