O‘zbekiston | 11:35 / 04.07.2017
60113
3 daqiqa o‘qiladi

Murod Nazarov: Ish o‘rnini emas, yaxshi xodimlar maoshini ko‘paytirish kerak

Foto: Xalqaro press-klub

3 iyul kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi "O‘zbekistonda yoshlar siyosati: dolzarb masalalarga zamonaviy yondashuv" mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirga ekspert sifatida chaqirilgan tadbirkor Murod Nazarov hozirgi kunda yoshlarning hayotga, imkoniyatlarga nisbatan munosabati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi eng yetakchi qurilish kompaniyasining rahbari o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida bosib o‘tgan yo‘lini so‘zlab berdi. 

“Hayotim davomida shu narsaga amin bo‘ldimki, yuzaga keladigan muammolarni faqatgina o‘zim hal etishim kerak. Inson muammoni yechishga intilmasa, u hech qachon tugamaydi. So‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berila boshlandi. Yangi tashabbus, g‘oya bilan chiquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish uchun maxsus tizim joriy qilish va yoshlarga xalqning yetakchi shaxslarining muvaffaqiyatga erishishda bosib o‘tgan yo‘llarini namuna qilib ko‘rsatish lozim”, - dedi tadbirkor.

Murod Nazarov yoshlarga ruh bag‘ishlashda ustozlarning ham roli katta ekanligini alohida qayd etdi. 

“Har doim o‘z vaqtida menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, yaxshi ta'lim bergan ustozlarimni yo‘qlab turaman. Ulardan hamisha minnatdorman. Men ularning qo‘llab-quvvatlashi bilan shu darajaga erishdim. Biz ham ular kabi yoshlarga qo‘ldan kelgancha o‘z yordamimizni ayamasligimiz zarur”, -  deya qo‘shimcha qildi u. 

Tadbir davomida yoshlarga ajratilayotgan yangi ish o‘rinlari ham muhokama qilindi. Murod Nazarov bu haqida ham o‘z mulohazalarini aytib o‘tdi.

“Ba'zan tashkilotimizga hokimiyatdan chiqib, shunday savol bilan murojaat qilishadi: Qancha ish joyi yaratasiz? To‘g‘risi, men bu savolga kulaman. Sababi, men juda ko‘p ish o‘rni yaratishim kerak, deb hisoblamayman. Dastavval, har bir xodim ustida ishlab, ularga imkoniyat yaratib, ularning maoshini oshirish kerak. Bir xodim yaxshi tajriba ega bo‘lib, rivojlangandan so‘ng, yana 10 kishini ortidan ergashtira olishi mumkin. Ishchilar sonini haddan ziyod ko‘pashtirishning nima keragi bor? Mening qurilish kompaniyamdagi xodimlar soni 100 nafarga yetmaydi. Biroq bizning korxona boshqa pudratchilarning ishlashi hisobiga 3000 nafarga yaqin kishini ishga jalb etadi. Ko‘p ish o‘rnini yaratish sifatsiz, besamar ishlashga olib kelishi mumkin. Mamlakatimizda iqtisodiyot rivojlangani sayin ish joyi ham o‘z-o‘zidan ko‘payaveradi va har bir yosh o‘z o‘rnini topadi”, dedi u.

Mavzuga oid