O‘zbekiston | 17:54 / 05.07.2017
31661
5 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan pensiyalar Xalq banki tomonidan to‘lanishi to‘liq joriy qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 martdagi “Pensiya va nafaqalarni to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Xalq banki Respublikada pensiya va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha yagona vakolatli bankka aylandi. Bu, albatta, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha yoshi ulug‘ insonlarga xizmat qilish uchun Xalq bankiga yana qo‘shimcha ma'suliyat yukladi.

Aytish joizki, Qarorga muvofiq joriy yilning 1 aprelidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarning 13 ta shahari va Toshkent shahrining 6 ta tumanida jami 758 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Xalq banki tomonidan pensionerlarga pensiya to‘lovlari tarqatilmoqda. Shu yilning 1 mayidan boshlab 39 ta qishloq tumanida 1 407 ta mahallaga pensiya to‘lovlari to‘lab berildi. 1 iyuldan boshlab Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida (195 ta) pensiya to‘lovlarini Xalq bankiing 2 mingta sayyor kassasi tomonidan to‘lanishi to‘liq joriy qilindi. Bu haqda Bank axborot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Endilikda pensionerlar har oylik pensiya mablag‘larini jadvalga muvofiq posyolka, qishloq, ovul va mahallalardagi fuqarolar yig‘inlarida olishlari mumkin bo‘ladi. Agarda jadvalda belgilangan vaqtda pensiyani olishga ulgura olmagan shaxslar bo‘lsa, ular o‘z pullarini boshqa kunlarda olishlari mumkin.

Qaror talablaridan kelib chiqib, Xalq banki filiallaridan maxsus kassalarga naqd pullarni o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish uchun 590 ta “Damas” rusumli avtomashina sotib olinib, filiallarga yetkazib berildi va kelgusida joylardagi filiallarning ehtiyojlariga qarab qo‘shimcha avtomashinalar sotib olinadi.

Shuningdek, pensiya mablag‘ini uyiga olib kelib beriladigan shaxslar ro‘yxati ham tuzib chiqilib, pensiya va nafaqalarning maxsus kassalari joylashishida qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa, pensiya oluvchilar bank, shuningdek, qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan xabardor etilishi belgilab qo‘yildi. Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq banki bilan birgalikda pensiya va nafaqalar to‘lanishini onlayn rejimda SMS-xabardor etish tizimi amalga tatbiq etildi.

Bankning barcha tuman va shahar filiallarida pensiya va nafaqa to‘lovlari bo‘limi tashkil qilinib, malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 4 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar kassir va buxgalter nazoratchi lavozimlariga ishga olinib, ularning bandliklari ta'minlandi.

Yana bir ma'lumot. Xalq banki tizimida pensiya va nafaqa to‘lovlarini tarqatish bo‘yicha barcha mas'ul xodimlarga o‘quv-seminarlari tashkil qilinib, ularning tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishlari, mijozlarga muomala madaniyati bo‘yicha bilim va malakalar hamda tavsiyalar berib borilmoqda.

Xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida bankning markaziy apparatidan malakali bank xodimlari biriktirilib, ular filiallarga va joylardagi kassalargacha borib, pensiya mablag‘larini to‘lab berishda amaliy yordam berishmoqda.

Joylardagi mahalliy hokimliklar va pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda qarorning mazmun-mohiyati, ijrosini ta'minlash bo‘yicha seminarlar tashkil qilinib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda hamda pensiya va nafaqa to‘lovlarini tarqatish bo‘yicha dislokatsiya (maxsus joylar) va tarqatish kunlari bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Pensionerlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini ma'muriy binosida bank tomonidan maxsus stendlar tayyorlanib, fuqarolar uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar bilan ta'minlangan holda ko‘rinadigan joyga joylashtirildi.

Pensiya mablag‘larini naqd pulda o‘z vaqtida to‘lab berilishi yuzasidan Markaziy bank bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.

Xalq banki kelgusida bu borada yuzaga kelayotgan barcha muammolarni to‘liq bartaraf etgan holda ishonchli tizim asosida faoliyat yuritishda davom etadi.

Shu o‘rinda muhim bir yangilik. Pensiya mablag‘larini tarqatilishi jarayonida yuzaga keladigan muammo va shikoyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha “1106” qisqa raqamli “ishonch telefoni” tashkil etildi. O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, dastlab yurtdoshlarimizdan tushayotgan aksariyat murojaatlar mazmunida belgilangan grafiklarda pensionerlarning ism-shariflari chiqmay qolish holatlari ifodalangan edi. Bugungi kunda bu kabi masalalar deyarli bartaraf etilgan bo‘lib, yuzaga kelayotgan vaziyatlar Xalq bankining “1106” qisqa raqamli “ishonch telefoni” orqali tezkor hal etilib kelinmoqda.

 

Mavzuga oid