Sport | 21:51 / 08.07.2017
10050
2 daqiqa o‘qiladi

Video: «Tur de Frans»da 6 mm g‘alaba masalasini hal qildi

Germaniyalik velopoygachi Marsel Kittel Tur de Frans musobaqasining yettinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Ta'kidlash lozim, bu safargi g‘olibni aniqlash hakamlar uchun birmuncha qiyinchilik tug‘dirdi. Gap shundaki, finish chizig‘i yaqinida unga norvegiyalik sportchi Edvald Boasson Xagen tenglashib oldi. Ular so‘nggi damgacha yonma-yon borib kurashni susaytirishmadi. 

Poygadan keyingi intervyuda Kittelning iqror bo‘lishicha, u kim g‘alaba qozonganini xayoliga ham keltirmagan. Xagen ham g‘olib borasida o‘z xulosasiga ega bo‘lmagan. 

Ikkala sportchi ham 5 soat 3 daqiqa 18 soniyada finish chizig‘ini bosib o‘tdi. Hakamlar fotofinishni ko‘rishga qaror qilishdi va bir necha daqiqadan so‘ng Kittelning g‘alabasini e'tirof etishdi. Ma'lum bo‘lishicha, u raqibini atigi 6 mmga va 0,0003 soniyaga dog‘da qoldirgan.

Tur de Frans musobaqasining rasmiy kanalida sekinlashtirib namoyish qilingan videolavhada velopoygachilarning ikkisi ham g‘alabaga qanchalik yaqin bo‘lganini ko‘rish mumkin. Videoning ikkinchi qismida bir qarashda g‘olibni aniqlab bo‘lmasligiga ishonch hosil qilasiz. Bundan tashqari, finish chizig‘ini bosib o‘tish jarayoni aks etgan videoning originali ham muxlislar e'tiboriga havola qilingan. 

Shu bilan Marsel Kittel eng yaxshi sprinterning yashil libosiga ega bo‘ldi. Avvalroq, mazkur sharaf sohibi bo‘lgan fransuz Arno Demar, velopoygachilarning eng yaxshi o‘nligiga ham kira olmadi. 

Mavzuga oid