10 iyul kuni Uzmobile kompaniyasining bosh binosida Uzmobile va Faktura.uz tizimining yangi qo‘shma loyihasi bo‘yicha seminar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekistondagi yirik aloqa operatorlari ichidagi ilk elektron hujjat aylanmasi bo‘lib, loyiha Uzmobile mijozlari va dilerlari o‘rtasida zamonoviy elektron axborot almashish tizimi yaratilishini maqsad qilib qo‘ygan.
Faktura.uz loyhasi tizim ishtirokchilariga, jumladan, Uzmobile mijozlariga hisob fakturalarni, shartnoma va aktlarni elektron tarzda tayyorlash, qabul qilish, yuborish va yetkazib berish bilan bog‘liq o‘ziga xos imkoniyatlarni taqdim etadi.
Seminarni Uzmobile rivojlanish bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibrohimov ochib berdi va kompaniyaning dilerlar bilan ishlashida Faktura.uz'ning afzallik jihatlarini ta'kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, Faktura.uz loyihasi mutaxassisi To‘lqin Yakubov mazkur loyiha haqida qiziqarli taqdimot o‘tkazdi.

Taqdimotda O‘zbekiston qonunchiligining mazkur yo‘nalishida qator o‘zgarishlar yuz bergani, jumladan, Soliq kodeksining 222-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, hozirda hisob-fakturalarni elektron hujjat ko‘rinishida tayyorlashga rasman ruxsat berilgani qayd etildi.
Shuningdek, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi yangilangan qonun elektron hisob hujjatlarini qog‘ozli muqobiliga teng huquqli etib belgilanganligini va ushbu hujjatlar bir xil yuridik maqomga ega ekanliklari ta'kidlandi.
Qo‘shma loyihaning yana bir e'tiborli tomoni, tizim ko‘plab muammolarni - hujjatning qog‘oz varianti yo‘qolib qolishi, iflos bo‘lishi yoki shunchaki kerakli manzilga yetib bormasligining oldi olinadi.
Elektron hujjatlarni saqlash mutlaqo qulay: ularni saqlash uchun ijara haqi to‘lash shart emas, kerakli hujjatni tezda belgilangan serverdan izlab topish mumkin.















