O‘zbekiston | 19:40 / 14.07.2017
48131
3 daqiqa o‘qiladi

XVJ direktori Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Unda valyuta siyosatini liberallashtirish tilga olingan

Joriy yilning 4-9 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot Fondi rahbariyatidan iborat delegatsiya Xalqaro valyuta jamg‘armasining Vashingtondagi qarorgohida tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – XVJ mutaxassislariga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi iqtisodiy islohotlar haqida obektiv ma'lumot berish, shuningdek, respublika valyuta tizimini yanada liberallashtirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashishdir.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktori Kristin Lagard O‘zbekiston va XVJ o‘rtasidagi muzokaralar yakunini yuqori baholar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yo‘lladi. Unda shunday deyiladi: 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylariga 

Hurmatli janob Prezident,

Men Siz va Sizning iqtisodiy jamoangiz tomonidan, Siz iqtisodiy o‘sish va aholining moddiy farovonligi sifatini oshirishda duch kelayotgan hamda ortib borayotgan chaqiriqlarni yengib o‘tish uchun O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh etish bo‘yicha ko‘rilayotgan sa'y-harakatlarni chin dildan olqishlayman. Sizni ishontirib aytishim mumkinki, biz Siz tomonidan islohotlar bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga texnik ko‘mak hamda iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etish yo‘li orqali qo‘llab-quvvatlov taqdim etishga to‘la tayyormiz.

Jamg‘arma xodimlari va Sizning jamoangiz o‘rtasidagi valyuta siyosatini isloh etish variantlari bo‘yicha uchrashuvning birinchi raundi bu yerda, XVJ qarorgohida bir necha kun avval bo‘lib o‘tganidan juda xursandman. Shuningdek, xodimlar jamoasi yaqin vaqt ichida Toshkentga ushbu ishni davom ettirish uchun tashrif buyurishidan ham xursandman.

Ishonchim komilki, Sizning jamoangiz va XVJ xodimlari O‘zbekistonda investitsiya muhitini takomillashtirish maqsadida valyuta tizimini liberallashtirishni boshqa yo‘nalishlardagi islohotlar orqali qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan keng ko‘lamli masalalarning muhokamasini yaqin vaqt ichida o‘tkazishadi. Ular orasida, iqtisodiy statistikani yaxshilash bo‘yicha choralar bor, bu Hukumat va sarmoyadorlarga, asoslangan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.

Prezident janobi oliylari, ishonchim komilki, O‘zbekiston belgilangan islohotlardan katta foyda oladi va Sizni yana bir bora ishontirib aytishim mumkinki, biz Sizga o‘zimizda bor bo‘lgan barcha qo‘llab-quvvatlovni taqdim etamiz.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi taqsimlovchi direktori Kristin Lagard”.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid