Test sinovi: imtihon vaqtini to‘g‘ri va oqilona taqsimlash bo‘yicha taklif
O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari joriy qilinganiga ham hademay 25 yil to‘ladi. OTMlarga qabul qilishning bu adolatli usuli yillar davomida sayqallandi, yangiliklar bilan boyitib borildi.
Barchamizga yaxshi ma'lumki, «test» so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, «sinov», «tekshiruv» ma'nolarini anglatadi. Hozirda uning zamonaviy shakllarini dunyoning rivojlangan davlatlari (AQShda — SAT va AST, Buyuk Britaniyada — A-level, Germaniyada — Abitur, Fransiyada — Baccalauréat en Fralevelnce) muvaffaqiyat bilan qo‘llab kelmoqda. Testning ushbu shakllari mazmun va shakl jihatdan nihoyatda mukammal ishlab chiqilganligini e'tirof etish mumkin.
Masalan, Rossiya Federatsiyasida OTMlarga kirishda o‘tkaziladigan imtihonlarda abituriyentlarga beriladigan vaqtlar taqsimotini vaqtlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, rus tili uchun — 210 daqiqa, biologiya uchun — 180 daqiqa, tarix uchun — 210 daqiqa, ingliz tili uchun — 180 daqiqa, matematika uchun esa — 235 daqiqa ajratilganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Har qanday soha islohotga muhtoj, sababi hayot va zamon tinimsiz davom etadi, rivojlanishdan to‘xtamaydi. Bugun to‘g‘ri va samarali bo‘lgan narsa, ertaga noto‘g‘ri hamda samarasiz bo‘lib qolishi mumkinligini hech kim rad eta olmaydi. Shu sababli ham bugungi kunda yuritilayotgan oqilona siyosat natijasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida zamon talablarini inobatga olgan holda, tizimli islohotlar olib borilmoqda.
Ba'zi ijtimoiy saytlarda 2017 yilgi test sinovlarida katta o‘zgarishlar bo‘lishi aytilmoqda. Bu o‘zgarishlar qay tartibda amalga oshadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Shu o‘rinda men repetitor o‘qituvchi sifatida yuqoridagi sinovlar xususida o‘z fikrlarimni aytib o‘tmoqlikni lozim, deb topdim.
1. Nega matematika fanining 6 ta savoli o‘rniga informatika fani savollari qo‘shildi. Axir informatika alohida fan-ku?! Ularning yaqinlik darajasiga kelsak, tabiiy fanlar bo‘lmish fizika fanini ham, kimyo fanini ham matematik hisoblashlarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligi aniq-ku? Qo‘pol qilib aytganda, nafaqat informatika, balki kimyo va fizika ham matematikani o‘z «akalari», deb bilishadi. Juda qo‘shish ehtiyoji bor ekan, matematikani «kemtik» qilmasdan, informatikani alohida fan sifatida kiritish mumkin-ku? To‘g‘ri informatika va axborot texnologiyalari barcha kasb egalari uchun suv va havoday zarur. Shunday ekan uni test savollariga qo‘shmasdan (yoki alohida kiritib) oliy o‘quv yurtlarining ta'lim jarayoniga singdirish lozim. Chunki, kelajakda barcha sohalarni, biz xohlaymizmi-yo‘qmi, kompyuterlar olamisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
2. Avvalgi tuzilgan test variantlarining qiyinlik darajasi deyarli bir xil edi. Hozir esa shu adolat prinsipi sal buzilgandek, ya'ni ba'zi variantlarga osonroq, ba'zi variantlarga qiyinroq savollar yig‘ilib qolgandek. Garchand, variantlardagi savollar bir xil tipda tuzilmasa ham, qiyinlik darajasi foiz nuqtai nazaridan teng bo‘lishi kerak chamamda.
3. Texnik fanlar yo‘nalishiga ajratilgan vaqt bilan, tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy yo‘nalishlarga ajratilgan vaqt xususida e'tirozim bor. Chunki, matematika ham, fizika ham hisoblash talab etiladigan fanlar. Shunday ekan texnik fanlar blokiga ajratilgan vaqt haqida o‘ylab ko‘rish lozim.
4. Aytmoqchi bo‘lgan davomli fikrlarim orasida quyidagi «Axilles va toshbaqa» haqidagi paradoksni keltirib o‘tmoqchiman.
Tasavvur qiling, qadimgi yunon olimpiadasi g‘oliblaridan biri Axilles bilan toshbaqa poygada qatnashyapti. Boshlang‘ich masofada ular orasi 100 metr. Ular bir paytda bir xil yo‘nalishda — Axilles toshbaqa tomonga, toshbaqa esa Axillesdan qarshi tomonga harakatlana boshladi. Faylasuf Zenon Axilles toshbaqaga hech qachon yeta olmaydi, deydi. Chindan ham Axilles 100 metr yurguncha toshbaqa 10 metr, Axilles 10 metr yurguncha toshbaqa 1 metr, Axilles 1 metr yurguncha toshbaqa 10 sm masofaga ilgarilaydi. Ya'ni har safar Axilles toshbaqa turgan joyga yetguncha, u shu nuqtadan qanchadir oldinda bo‘ladi. Demak, Axilles toshbaqaga hech qachon yeta olmaydi.
Xo‘sh unda muammoning yechimi qayerda? Paradoksning yechimi vaqtning inobatga olinmayotganida. Ekspertlardan shuni iltimos qilardimki, variantlarni shakllantirib bo‘lishgach, o‘zlari shu variantni xuddi shaxmatchilarniki kabi vaqtga qarab hal qilib ko‘rishsin. Variantlarda shunday masalalar uchrayaptiki, uni yechish tugul, ma'nosini chaqib olishga 5 daqiqa vaqt yetmayapti.
Test tizimi joriy qilinmasidan oldin kirish imtihonlarida matematika fanidan 5 ta masalani hal qilish uchun 3 astronomik soat ajratilardi. Hozir esa 3 astronomik soatda abituriyent uchun 108 ta savolga javob topishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu avvalgi abituriyentlarga qaraganda qariyb 22 marta tezkor bo‘lish kerak, deganimi?
Hurmatli ekspertlar! Test savollari tuzayotganda abituriyentlarning sizdan ko‘ra ancha sekin fikrlay olishlarini, 1 avgust kuni bo‘ladigan his-hayajonni ham hisobga oling-da! Bu bilan savollar osonlashsin, deyishdan yiroqman. Paradoksda inobatga olinmagan, oliy hakam, inson taqdirini o‘zgartirib yuboradigan vaqtni inobatga olish kerak, demoqchiman.
O‘ylaymizki, uzoq yillar davomida to‘plangan ijobiy tajribani saqlab qolgan holda, bu borada rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish, respublikamizdagi malakali mutaxassislar, pedagoglar, olimlar, amaliyotchilarni bu jarayonga jalb etish orqali test o‘tkazish jarayonini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bu esa test o‘tkazish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Albatta, «Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi»da belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil fikrlash mahoratiga ega bo‘lgan, istiqboldagi vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Prezidentimiz qayta-qayta ta'kidlayotganidek, hayotga, tabiatga, jamiyatga, ta'limga real ko‘z bilan qarash fursati yetmadimikin?
Murodjon Xo‘janiyozov,
o‘qituvchi.