Jahon | 08:33 / 24.07.2017
3771
2 daqiqa o‘qiladi

Eron va Iroq mudofaa sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzoladi

Foto: Fotolia

Eron va Iroq yakshanba kuni mudofaa va harbiy hamkorlik hamda terrorizm va ekstremizm bilan kurashni kuchaytirish to‘g‘risida bayonnoma imzoladi, deb xabar bermoqda Press TV telekanali.

Tehronda hujjatga Iroq mudofaa vaziri Irfon al-Xayoliy va uning eronlik hamkasbi Husayn Dehqon imzo chekdi. Bayonnomaga ko‘ra, Tehron va Bag‘dod hamkorlikni kuchaytiradi, terrorizm hamda ekstremizm bilan kurash bo‘yicha tajriba almashadi, chegaralar xavfsizligini oshiradi va har ikki davlat harbiy kuchlariga harbiy, texnik, logistik ko‘mak ko‘rsatadi.

Dehqonning ma'lum qilishicha, Iroq hududida terrorchilik guruhlarining tarqalishini oldini olish uchun mintaqada ham jiddiy hamkorlikka ehtiyoj bor. "Memorandumning imzolanishi bo‘lajak hamkorlik uchun asos bo‘ladi, biz u jiddiy va samarali choralar uchun o‘ziga xos poydevor bo‘lib xizmat qilishiga umid bildiramiz", - deya Eron mudofaa vazirligi rahbari so‘zlarini keltiradi telekanal.

Uning iroqlik hamkasbining ma'lum qilishicha, kelishuv ikki davlatning umumiy manfaatlari asosida imzolandi.

Mavzuga oid