Jahon | 08:33
3464
3 daqiqa o‘qiladi

Eron Ali Xominaiy bilan xayrlashadi

Eronda mamlakatning marhum oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy bilan vidolashuv marosimlari 4 iyul kuni boshlanadi. Olti kun davom etadigan motam tadbirlarida 30 dan ortiq davlat rasmiylari, 90 dan ziyod mamlakatning diniy arboblari hamda millionlab fuqarolar ishtirok etishi kutilmoqda.

Foto: AP

Eron va Iroqda oyatulloh Ali Xominaiy xotirasiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli motam tadbirlari o‘tkaziladi. Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam marosimlarini tashkil etish bo‘yicha shtab rahbari Ali Akbar Purjamshidiyonning ma’lum qilishicha, vidolashuv marosimlarida 30 dan ortiq davlatning rasmiy delegatsiyalari hamda 90 dan ziyod mamlakatning diniy peshvolari ishtirok etadi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bog‘oiy ham oliy rahbarning vafoti munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlarning yuqori martabali vakillari qatnashishga tayyor ekanini tasdiqladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga ko‘ra, 3 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurib, motam marosimlarida ishtirok etadi.

Rasmiy dasturga muvofiq, 4 iyul kuni Tehrondagi «Mosalla» majmuasida ommaviy vidolashuv marosimi boshlanadi. 5 iyul kuni ushbu majmuada janoza namozi o‘qilib, poytaxt ko‘chalarida ommaviy motam yurishi tashkil etiladi.

Motam tadbirlari Qum va Mashhad shaharlari, shuningdek, Iroqning shia musulmonlari uchun muqaddas hisoblangan Najaf va Karbalo shaharlarida ham davom etadi. Ali Xominaiyni dafn etishning yakuniy marosimi 9 iyul kuni Mashhad shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Marosimlarni muvofiqlashtirish uchun Eronda yagona milliy shtab tuzilgan. Iroq tomoni ham motam tadbirlari va jasadni qabul qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha alohida muvofiqlashtirish markazini ishga tushirgan.

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, motam marosimlarida ishtirok etuvchilar soni millionlab kishiga yetishi mumkin. Eron Tashqi ishlar vazirligi ushbu tadbirlarni nafaqat mamlakat, balki butun G‘arbiy Osiyo mintaqasi uchun muhim tarixiy voqea sifatida baholamoqda.

Ali Xominaiy 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etgan edi. Rasmiy vidolashuv marosimlarining to‘rt oydan so‘ng o‘tkazilayotgani mintaqadagi harbiy mojaro, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar hamda erishilgan vaqtinchalik kelishuvlar bilan izohlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid