Jamiyat | 10:10 / 25.07.2017
22236
11 daqiqa o‘qiladi

«Maddoh jurnalistlarning kovushini o‘nglab qo‘yish fursati keldi». Uchinchi maqola

Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?» sarlavhali maqolasining davomi «Novosti Uzbekistana» nashrida e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq matni o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

Axborot olish imkoniyatlari qanday?

Jurnalist o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun unga axborot zarurligini hamma biladi. Axborot olishni kafolatlaydigan qator qonunlarimiz mavjud. Faqat jurnalist emas, burcha fuqarolar ham bunday imkoniyatga ega ekanligi O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning 29-moddasida «Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega»ligi ta'kidlab o‘tilgan.

Rahbar xodimlar jurnalistlarga ba'azan taqdim etishni istamaydigan axborot aslida kimniki? U o‘sha amaldorning mulkimi? Bu haqda taniqli iqtisodchi olim, Nobel mukofoti laureati Jozef Stiglets shunday fikr bildirgan: «Davlat xizmatchilari tomonidan byudjyet mablag‘lari hisobiga to‘plangan axborot xalqnikidir. Bu intellektual mulkdan xususiy maqsadlarda foydalanish jamoatchilik mulkini o‘zlashtirishning boshqa holatlari kabi jiddiy jinoyatdir». 

Shu yerning o‘zida aksariyat to‘ralarimizga yoqmaydigan bir savolni o‘rtaga tashlab, javobini ham bermoqchiman. Aslida amaldor kim? U xohlaganini qiladigan, jumladan, xalqning intellektual mulki bo‘lgan axborotdan o‘zi bilganicha foydalanadigan amal kursisidagi shaxsmi? Aslo! Ushbu savolning javobi quyidagicha: Amaldor xohlaganini qiladigan mansabdor bo‘lmasdan, davlat o‘rnatgan qonun doirasida amal qilishi lozim bo‘lgan yollanma xodimdir. 

Afsuski, hali bizda «tepa»da ham, «past»da ham ushbu aksiomani anglab, shunga mos harakat qiladiganlar ko‘p emas. Boz ustiga barcha to‘ralarimiz ham bu haqiqatni hazm qila olishmaydi. Shu fikrimizni ayni paytda bizni qiziqtirayotgan muammo – axborot olish imkoniyati misolida ko‘rib chiqaylik.

Shu vaqtgacha jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, ularga kerakli axborotni berish davlat organlari, turli idora va tashkilot rahbarlarining xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lib kelmoqda edi. Misollarga murojaat qilaylik. Bundan 20 yilcha avval Samarqand viloyat IIB boshlig‘i tashabbusi bilan yilning har choragida matbuot anjumani o‘tkazib turilardi. Shundan so‘ng bu ishni viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i ham bajaradigan bo‘ldi. Bu tajriba bir necha yil davom etdi va faqat ushbu tashkilotlarga bosh bo‘lgan rahbarlarning tashabbusiga asoslandi. 

Bundan uch yil oldin Samarqand viloyati hokimining ko‘rsatmasi bilan barcha tashkilot va muassasa rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yillik ro‘yxati tuzilib, amaldorlarning jurnalistlar bilan uchrashuvi muntazamlik kasb etgan edi. Ushbu uchrashuvlardan tashqari ham rahbarlar bilan aloqada bo‘lish, axborot olish imkoniyati kengaygan edi. Ammo viloyat rahbari o‘zgarishi bilan ahvol boshqacha tus oldi. Amaldorlar bilan jurnalistlar uchrashuvida yarim yil uzilish bo‘ldi. Shunda birinchi rahbarning ommaviy axborot vositalarining roli va o‘rnini aniq tushunishi qanchalik muhim ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Samarqand viloyatida keyingi olti oy ichida yuzaga kelgan vaziyatga baho berib, viloyat hokimi bilan OAV orasida uzilish vujudga kelganligini bejiz ta'kidlamagan bo‘lsa kerak?! 

Demokratik jamiyatlarda aholining axborot olish huquqidan bemalol foydalanishi erkinlikning muhim tamoyillaridan sanaladi. Chunki xabardorlik darajasi yuqori bo‘lgan fuqarolar qonunu qarorlar qabul qilinishi jarayonida faol ishtirok etishadi. Bundan tashqari, axborotning jamiyatda keng tarqalishi hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari hisobotdorligini hamda davlat va boshqaruv organlari shaffofligini ta'minlaydi. Yana bir e'tiborli tomoni shundaki, axborot olish huquqidan foydalana oladigan oddiy kishi ham kundalik hayotida duch keladigan muammoni osonlik bilan hal qila oladi. 

Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?

O‘zimiz o‘zgarmasak, hammasi eskiligicha qolib ketaveradi

Har birimiz o‘zlashtirib olishimiz zarur bo‘lgan haqiqat shundan iboratki, o‘z-o‘zidan hech narsa o‘zgarmaydi, eskicha qarashlaru tepsa tebranmaslik bilan yangilanishga erishib bo‘lmaydi. Boqimandalik kayfiyatidagilar o‘ta befarq va loqayd kishilar bo‘lib, ularning o‘zlari ham o‘zgarmaydi va ular jamiyatda biror bir o‘zgarish qilishga qodir emas. Ular faqat kutib yashashga, tayyoriga ayyor bo‘lishga o‘rganib qolishgan. Umuman, hali ko‘pchilikda paternalistik kayfiyat hukmron desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ijtimoiy qaramlik kayfiyatida yurganlar uchun paternalizm juda jozibali tizimdir. Bunday shaxslar hamma narsaga davlat mas'ul, u bizni himoya qilishi, biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilishi, bizni boqishi kerak degan aqida bilan yurishadi. Ular o‘zlaridan har qanday mas'uliyatni soqit qilib, faqat davlatga suyanishadi. 

Yaqinda xorijlik bir siyosatshunos O‘zbekistondagi yangilanishlar haqida so‘z yuritib, ichki siyosatga nisbatan tashqi siyosatda katta siljishlar mavjudligini uqtirgan edi. U ichki ahvolning qiyinchilik bilan o‘zgarishi aholining paternalistik mentaliteti bilan bog‘liq degan fikrni o‘rtaga tashlab, oxirida shunday xulosa bildirgan edi: «O‘zbekistonda prezident yangi, ammo xalq qanday bo‘lsa, shundayligicha qolib ketmoqda». 

Ijtimoiy qaramlik, «davlat menga qarashi kerak» qabilidagi boqimandalik kayfiyatidan xalos bo‘lish vaqti keldi. Loqaydlikning bahridan o‘tib, tashabbuskor bo‘lsak, oqni oq, qorani qora deb, oldinga qarab intilsak, yangilik yaratsak, faqat shundagina butun mamlakatimizda tub o‘zgarishlar amalga oshishi mumkin, faqat shundagina xalqimizga mos hayot tarziga erisha olamiz. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev kasb bayramimiz munosabati bilan yo‘llagan tabrigidagi quyidagi so‘zlarga e'tibor qaratmaslikning iloji yo‘q: «El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, tamagirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma'no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman». 

Shukrlar bo‘lsinki, yopiq qozon yopiqligicha qoladigan vaqtlar o‘tib ketmoqda. Endi informatsiya tez va oshkora tarqalmoqda. Gapim «Falonchi Falonchiyevichga» tegib ketadi deb, mulohaza qilib o‘tirish payti emas endi. Ishonch bilan aytish mumkinki, maddohlar va maddohizm davri tugaydi. Yillar davomida maddohlik qilib kelganlarni jurnalistikamizdan, birinchi navbatda TVdan tezroq kovushini o‘nglab qo‘yish fursati keldi. 

Lattachaynar amaldorlar xususida shuni aytish mumkinki, ularga OAVning chiqishi yoqmasligi mumkin. Aslida haqiqiy jurnalist kimgadir yoqishga intilmaydi. Bilgan, ko‘rgan, eshitganlari ko‘pchilikni qiziqtiradigan yoki ijtimoiy ahamiyatga molik xabar bo‘lsa, uni yaxshilab tekshirib, ommaga yetkazadi. Buning uchun amaldor o‘z tushunchasiyu mezonidan kelib chiqib, jurnalistni ta'qib etishi bema'nilikdir. Bundan keyin bu kabi holatlarga kerakli baho berilishi lozim va bunday xudbin amaldorlarning joyi qayerda bo‘lishi aniq ko‘rsatilishi shart. 

Yaqinda kasb bayramimiz munosabati bilan tashkil etilgan o‘tirish tugaganidan so‘ng biroz shirakayf bo‘lgan 70 yoshlardan oshgan bir kasbdoshim «bilasizmi, sizni ko‘pchilik yoqtirmaydi», dedi. «Ha, buni bilaman. Axir, bu yaxshi-ku!» deganimda, suhbatdoshim hayron bo‘ldi. Men unga buning sababini tushuntirdim: «Odam hammaga bir xilday yoqishi mumkin emas. Qanday qilib bir vaqtning o‘zida yuksak ma'naviyatli, yuragida cho‘g‘i bor, yonib yashaydiganlarga va qo‘rqoq, loqayd, tashabbussiz, laganbardorlarga ma'qul bo‘lish mumkin?». Faqat prinsipsiz, betuturuq shaxsgina bunga intilishi mumkin.

Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak? 2-maqola

Misol tariqasida o‘z prinsipiga sodiq qolgan hamkasbimiz to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z aytmoqchiman. «Bekajon» gazetasidagi Karimberdi To‘ramurodovni ko‘pchilik biladi. U kishi TVda chiqib, «otaxon» gazeta kattasiga ochiqchasiga majburiy obuna borligini isbotlovchi misollar keltirganidan ham xabardor bo‘lsangiz kerak. O‘sha voqeadan bir kun oldin To‘ramurodovga «siz eng katta foyda keltirayotgan xodimsiz, sizni bosh muharrir etib tayinlaymiz», degan gazeta xo‘jayinlari ko‘rsatuvdan so‘ng uni ishdan haydashdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, bunga ularni hech kim majbur qilmagan ekan. Xodimning dadil chiqishidan so‘ng tahririyatda tekshir-tekshir boshlanadi degan xayol bilan u ishdan chetlashtirilgan. Ikki hafta o‘tgach, yuqoridan hech kim indamaganidan so‘ng, rahbariyat jurnalistga kelib ishini davom ettirishi mumkinligini bildirishgan. Lekin unga avvalgidan ancha kam maosh taklif qilishgan. Bunday kamsitishga dosh berolmagan To‘ramurodov ishni davom ettirishdan voz kechgan. 

Xulosa: bunday oriyatli, o‘z prinsiplariga ega shaxs kimgadir yoqishga umuman intilmaydi va to‘g‘ri qiladi. O‘zgarish, rivojlanish, taraqqiyot mana shundaylar tufayli amalga oshadi. 

Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV
(Davomi bor)

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish