17:46 / 26.07.2017
12498

Yevropa aholisi nechog‘lik tez qariyotgani hisoblab chiqildi

Foto: ria.ru

2050 yilga borib, Yevropaning shimoliy va markaziy hududlari demografik vaziyat nuqtai nazaridan barqaror bo‘ladi, qit'aning janubi va sharqini esa, aksincha, aholisining tezda qarishi kutmoqda. Bu haqda seshanba kuni jurnalistlarga oshkor qilingan, Berlinning rivojlanish va nufuz instituti tomonidan e'lon qilingan yangi tadqiqotda aytib o‘tilgan.

«Qarish, shubhasiz, demografik rivojlanishning eng sezilarli iqtisodiy oqibati sanaladi. Bu hodisaga qarshi kurashish va ishchi bozorni yangi kadrlar bilan boyitishning ikki yo‘li bor — tug‘ilishni ko‘paytirish va mehnat muhojirlarini jalb qilish. Yevropa demografik migrantlar sohasida pioner bo‘lishi mumkin, biroq bu yo‘nalishda rivojlanish qit'aning turli qismlarida turlicha kechayotganining guvohi bo‘lyapmiz», — dedi Yevropaning 290 hududi tahlildan o‘tkazilgan tadqiqotda qatnashgan doktor Reyner Klingholts.

Klingholtsning so‘zlariga ko‘ra, tahlil natijasida quyidagi xulosalar olingan: Skandinaviya davlatlari, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Avstriya, Germaniya, Shveytsariya iqtisodiyot va demografiya jihatidan eng taraqqiy topgan hududlar hisoblanadi. Bu holda Shvetsiya, Norvegiya va Buyuk Britaniyada tug‘ilish sonining ko‘pligi kuzatilayotgan bo‘lsa, nemis tilli hududlardagi barqarorlik Yevropaning va jahonning boshqa mamlakatlaridan kelayotgan migrantlar hisobiga ushlab turilibdi. Qit'a janubida — Gretsiya, Ispaniya, Portugaliya, shuningdek, janubiy Italiyada moliyaviy, qarzdorlik va migratsion inqiroz tufayli 80-yillarda boshlangan demografik murakkabliklar chuqurlasha bordi va prognozlarga ko‘ra bu mamlakatlarni keyinchalik ham tug‘ilishning kamayishi va emigratsiyaning o‘sishi kutib turibdi.

Ayniqsa, sharqiy Yevropa davlatlarida vaziyat shiddat bilan rivojlanib boradi, chunki bu davlatlar azaldan, ayniqsa, sotsialistik tuzum vaqtida tug‘ilish soni yuqori mamlakatlar hisoblangan. Bu davlatlarning iqtisodiy o‘sishini G‘arbiy Yevropa davlatlari darajasida tez ta'minlashning iloji yo‘qligidan, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida migratsiyaning yuqori sur'ati, tug‘ilishning kamayishi va aholining qarishini keltirib chiqarmoqda. Natijada Bolgariya va Ruminiya kabi davlatlar 2050 yilgacha aholisining yiliga 0,5 foizini yo‘qota borishi mumkin, Berlin instituti hisob-kitoblariga ko‘ra Boltiqbo‘yi respublikalari asr o‘rtasiga borib ayni paytdagi aholisining 40 foizidan ayriladi.

Institut xodimi Shtefan Sifertning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ilish darajasi va migratsiya darajasi bir biriga chambarchas bog‘liq, mamlakatdan yoshlarning chiqib ketishi demografik inqiroz chuqurlashishiga sabab bo‘ladi, xolos.

Migrantlar Germaniyani quvvatlashmoqda

Germaniyaga so‘nggi to‘rt yilda Yevropa va jahonning boshqa davlatlaridan 1,5 milliondan ziyod qochoq va yuz minglab migrantlar kirib kelishi tufayli, garchi so‘nggi 40 yilda o‘lim soni tug‘ilish sonidan ko‘p bo‘layotganiga qaramasdan, GFRda demografik o‘sish barqaror bo‘lib qolmoqda va tendensiya joriy asrning o‘rtalariga qadar davom etadi, deb hisoblashmoqda tadqiqotchilar. Aynan nemis tilli hududlarga migratsiya sabablari iqtisodiy darajaning yuksakligi, fuqarolar hayotining ta'minlanganligi, ish o‘rinlarining mavjudligi bilan tushuntirilmoqda. Lekin bir vaqtning o‘zida migratsiya o‘zi bilan ayrim tahdidlarni ham olib keladi — mamlakat aholisi kelgindilarni nemis jamiyatiga integratsiya qilishga muvaffaq bo‘linadimi, degan savolni o‘rtaga tashlashmoqda. Aftidan, bu savollar o‘ta jiddiy, shu sababli «Germaniya uchun muqobil» yevroskeptiklar partiyasi kabi o‘ng partiyalarning mashhurligi oshib bormoqda.

Germaniyaga eng ko‘p migrantlar va qochqinlar 2015 yilgi inqiroz avj pallaga chiqqan payti — deyarli 900 ming kishi kelgan, deyiladi IIV ma'lumotida. Ularning uchdan ikki qismi Germaniyada yashash guvohnomasini qo‘lga kiritishgan. Yangi paydo bo‘lgan ishchi kuchini bozorga tezroq olib chiqish niyatida GFR hukumati yangi qonunlar qabul qila boshladi, ulardan ayrimlariga ko‘ra, migrant va qochqinlarga ularga boshpana berilishidan avvalroq integratsion kurslarda qatnashish imoknini beradi, yoki mamlakatda yashay boshlaganidan uch oy o‘tib ularga mehnat bozori eshiklari ochib beriladi. Lekin bu insonlarni ishga joylashtirishni hanuzgacha muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi: ularning malakasining pastligi va tilni bilmasligi oqibatida ish beruvchilar ularni ish bilan ta'minlay olmayapti, kelganlarning faqat 10 foizi Germaniyada talab etiladigan malakaga ega, deyiladi Berlin instituti tadqiqotida.

Germaniyada demografik rivojlanish markazlari sifatida Bavariya va Baden-Vyurtemberg yerlari e'tirof etilgan, ular bir vaqtning o‘zida sanoat klasteri ham hisoblanadi. Bundan tashqari, Berlin va Leyptsigda sezilarli demografik o‘sish kuzatilmoqda. Berlinda migrantlarni uchta universitet, yashasa bo‘ladigan hayot sharoiti va ish o‘rinlarning keng tanlovi kutib turibdi. Saksoniya poytaxti Leyptsigda butunjahon ko‘rgazmasi o‘tkaziladi, u yerda universitet, aeroport va juda rivojlangan sanoat, jumladan, doimo malakali kadrlarga ehtiyoj sezuvchi po‘lat quyish va avtomobilsozlik sanoati mavjud.

Biroq Germaniyaning yerli aholisining qarishi davom etmoqda. Ayni paytda 64 yoshdan oshgan qariyalarning jamiyatdagi ulushi 21 foizdan ortiq, bu esa Gretsiya va Italiyadan keyingi uchinchi ko‘rsatkich. Tadqiqotga ko‘ra, Germaniyadagi har bir pensionerga uch nafar ishlovchi fuqaro to‘g‘ri keladi.
 

Mavzuga oid
Top