Jamiyat | 14:47 / 27.07.2017
8303
14 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda diniy ekstremistik oqim a'zolari bilan individual ish olib borilmoqda

Ingichka igna ham, yo‘g‘on mix ham ko‘zga kirsa, ko‘r qilishi mumkin bo‘lgani kabi, Vatan manfaatining bir zarrasiga xiyonat qilish ham og‘ir gunohdir. Vatanga xiyonat. Bu so‘zni eshitishning o‘ziyoq inson yuragiga og‘riq soladi. Vujud-vujudingni titratib yuboradi. Axir kishi o‘ziga, oq sut bergan onasiga, qo‘liga non tutgan otasiga, uni azizlagan eliga, xalqiga, ota-bobolari amal qilgan din-e'tiqodga xiyonat qilishi mumkinmi? “Qashqadaryo” gazetasida “Adashganlar iqror bo‘lmoqda”, deb nomlangan maqola e'lon qilindi. Quyida mazkur maqola to‘liq holatda keltirilmoqda.

O‘qiyman, ishlayman, elga, odamlarga naf keltiraman degan kishi uchun O‘zbekistonda barcha sharoit muhayyo qilingan bir davrda qashqadaryolik Elbek Nurmatov Sankt-Peterburgdan baxt izlab bir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, u yerda turli diniy ekstremistik oqim a'zolari bilan hamfikru hamqadam, ularning maqsad-muddaosiga qarshi bo‘lmagan holda yashab, eng katta yanglishishni sodir etdi. Bu haqda “Qashqadaryo” gazetasida “Adashganlar iqror bo‘lmoqda”, deb nomlangan maqola e'lon qilindi. Quyida mazkur maqola to‘liq holatda keltirilmoqda.

Mutaassiblarning g‘oya va maqsadlari, pirovard natijasi ne ekani, bu yurtimiz tinchligi, barqarorligiga raxna solishi mumkinligini bila turib, Rossiyadan qaytib kelgandan keyin ham tegishli idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermadi. Xabar berishni istamadi balki.

Ammo xiyonat juda og‘ir musibatlarga olib keladi. Buni Elbekning o‘zi ham tezda tushunib yetdi. Yot g‘oyalar ta'sirida aldanib, fikri buzilgan ukasi Pokistonda xoru zorlikda itday o‘lim topgani aqlini kiritdi. Qolaversa, uch yil ozodlikdan mahrum bo‘lib, garchi, shukurki ular amalga oshmagan bo‘lsa-da, qilmishiga pushaymon bo‘ldi. Ukasi bilan birga ota-onasi, yaqinlarining yuzini yerga qaratgani, hayot insonga bir marta berilishi, ota-bobolarimiz e'tiqod qilgan dinu diyonat kishiga ikki dunyo saodatini tuhfa etishga qodir ekanini angladi.

Rost. U adashdi. Aldandi. Bilmay katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Ammo biroz kech bo‘lsa-da, non bergan, tuz bergan, beminnat yedirib-ichirgan yurtiga, Vataniga, otasiga, onasiga xiyonat qilish eng katta gunoh ekanligini tushundi. Pulni, allaqanday manfaatlarni deb vijdonini, iymoni, e'tiqodi, Xudosini sotgan bir qator jirkanch va qabih niyatli ekstremistlarning niyatlariga batamom qo‘shila olmadi. Demak uning yuragi, qalbi shu Vatan, shu el bilan. Ozod va obod O‘zbekiston bilan.

Ana shularni hisobga olgan holda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash - davr talabi", "Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak" hamda "Jismoniy va ma'naviy yetuk yoshlar - ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir" deb nomlangan ma'ruzalarida tegishli sohalar vakillariga ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli tahdidlardan asrash, tuzalish yo‘liga kirgan kishilarni sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish muhim vazifa ekanini ta'kidlab, shunday dedi: "Adashgan yoshlarni tarbiyalashimiz, kerak bo‘lsa, jazoni o‘tash joylariga ham borib, ular bilan gaplashishimiz lozim. Chin dildan tavba qilib, ota-onasi, oilasi bag‘riga, to‘g‘ri yo‘lga qaytishni niyat  qilgan odamlarga amaliy yordam berishga men davlat rahbari sifatida doimo tayyorman".

Shundan kelib chiqqan holda Qashqadaryo viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, Musulmonlar idorasining viloyatdagi vakilligi mas'ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida noto‘g‘ri yo‘ldan qaytgan, adashganini anglab yetgan diniy ekstremizm va terrorizmga aloqador shaxslarni tezkor hisobdan chiqarish bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) doimiy komissiyalari tashkil etildi.

Ayni paytda komissiya tomonidan diniy ekstremistik oqim a'zosi sifatida maxsus ro‘yxatga olingan shaxslar bilan individual ish olib borilmoqda. Har bir shaxsning dunyoqarashi, fikri, adashib noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganidan pushaymonligi, oilasi, farzandlari hamda Vatan oldidagi burch va mas'uliyatlari haqida batafsil muloqotlar o‘tkazilmoqda. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, ayni kunda o‘z aybiga chin dildan iqror bo‘lgan 265 nafar (25 nafari xotin-qizlar) diniy ekstremistik oqim a'zosi sifatida hisobga olingan shaxslar maxsus ro‘yxatdan chiqarilib, sog‘lom va to‘g‘ri hayot sari yo‘llanmoqda.

Zotan, Prezidentimiz aytganidek, "Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy "Olijanob kishilar uzrni qabul qilur", deb ta'kidlagan ekanlar. Xalqimiz - mard va olijanob xalq. Kim chin dildan uzr so‘rasa, tavba qilsa, albatta gunohidan kechadi. Shuning uchun hozirgi kunda qancha adashganlarni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga solyapmiz. Birini o‘qishga, birini ishga, birini kasbga qaytaryapmiz. 

Ming afsuski, zararli diniy oqimga kirgan bolani "Bu - qo‘shnining bolasi, boshqa qishloq yoki tumanning bolasi", deb loqayd bo‘layotganlar ham oramizda yo‘q emas. Kimdir chetga chiqib, ekstremistlarga qo‘shilib yurgan bo‘lsa, ba'zi rahbarlar, u Farg‘onadan emas, Andijondan, Qashqadaryodan emas, Samarqanddan, deb beparvo bo‘lmoqda. Lekin u O‘zbekiston  farzandi, O‘zbekiston fuqarosi-ku!"

Davlatimiz rahbarining shaxsan g‘amxo‘rligidan quvonchi cheksiz kishilardan biri Qarshi shahrilik Furqat Roziqovdir.

- Ekstremistlar ta'siriga tushgan menday o‘g‘ilni deb ayniqsa onaizorim el oldida bosh ko‘tarolmay qolgandi, - deydi u. - Endi onamning yuzi yorug‘, ko‘zida baxtiyorlik yoshlari. Aybimni kechirib, hayotda o‘z yo‘limni topishga imkoniyat yaratib bergani uchun  Prezidentimizga, davlatimizga minnatdorlik bildiraman. Bor kuch-g‘ayratimni yurtimiz ravnaqi, obodligi uchun sarflashga va'da beraman.

Yana bir iqrorga quloq tuting.

- Shu zaminda o‘sib-undik, o‘qidik, oliy ta'lim oldik, biroq bir kishiga yetib-ortadigan baxtning  qadriga vaqtida yetmadik, - deydi Bahrom Xolmurodov. - Bo‘lmasa deng, yaxshigina ishim bor edi, bir oilani bekamu ko‘st ta'minlashga loyiq maosh olardim. Diniy ilmimiz yetarli bo‘lmagani oqibatida buzg‘unchilar  tuzog‘iga tushdim, ularning soxta tariqatlariga uchib, mustaqil fikrlashdan to‘xtab, manqurtga aylanayozdim. Shukurki, yaxshi odamlar yordamida jaholat botqog‘iga botib borayotganimni kech bo‘lsa-da, angladim. Qilmishimdan pushaymonman, adashdim. Prezidentimizdan, xalqimizdan kechirim so‘radim. Kechirishdi. Imkon berishdi. Endi bu imkoniyatdan faqat yaxshilik, ezgulik yo‘lida foydalanaman.

Shuni ham ta'kidlash lozimki, maxsus hisobga olingan fuqarolarning turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, muammolarini o‘rganish, ushbu  toifa shaxslar nega radikallashib ketganining sabablarini har tomonlama chuqur tahlil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunday oilalardagi farzandlar bilan bevosita ishlash, ularni fan, sport to‘garaklari, turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, sog‘lomlashtirish oromgohlariga jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

- 2014 yilda diniy ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda ayblanib qamaldim, - deydi Abduhakim Umarov. - 2016 yilda amnistiya aktiga asosan ozod qilindim. Qamoqda yurgan vaqtimda oilam, bola-chaqamni sog‘inib, ko‘zimda yosh bilan o‘ylab o‘tirardim. Nima bo‘ldi? Nega adashdim, deb. Javobi yo‘q savollar ko‘p edi. Javob esa bitta - topganim erkak boshimni yerga egib, faqat va faqat afsus chekish, to‘rt devor ichida yillab o‘tirish bo‘ldi, xolos. Dunyo ko‘rgan odamman. Jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalardan ozmi-ko‘pmi xabardorman. Afg‘oniston, Suriya, Iroq, Liviyada bo‘layotgan dahshatni oling. Qurbon bo‘layotgan kishilarni, kultepaga aylangan vayronalarni ko‘ring. Endi shuni tushunib yetdimki, bir vaqtlar men a'zo bo‘lgan tashkilotning maqsadlari ham aynan shu dahshat, vayronalarga olib kelarkan. Bunday yomon yo‘ldan qaytdim. Hozir ishlayapman, oilam davrasidaman. Menga bildirilgan ishonchni oqlayman.

Albatta, bildirilgan ishonch, berilgan imkoniyat kishini yangi orzu-maqsadlarga, kelajakka yorug‘ nazar bilan boqishga undashi shubhasiz. Bu haqiqatni his qilgan, o‘z tanlagan yo‘li, qilmishi noto‘g‘ri ekanini anglab yetgan yurtdoshlarimiz ertangi kunni katta orzular ila qarshi olmoqda.

Zuhriddin Rahimov ham o‘sha ayanchli qismat girdobiga tushgan, keyinchalik adashganini anglagach, boshi tazarruga egilgan.

- Ayrim kishilar o‘z boshiga o‘zi kulfat sotib oladi, desam xato bo‘lmaydi, - deydi u. - Bizdagi mavjud yomon, yovuz illatlar, salbiy xarakterlar va ulkan johilligimiz tufayli ko‘pincha o‘zimiz ham, boshqalar ham aziyat chekishga majbur bo‘lishadi. Agar biz o‘z vaqtida aqlimizni, ilmimizni, vijdon va insofimizni, qalb ko‘zimizni ishga sololganimizda edi, bugun noto‘g‘ri va noshar'iy deb bilgan qandaydir oqim uchun bebaho, betakror umrimning oltinga teng davrini panjara ortida o‘tkazmagan bo‘lardim. Shirin yoshlik onlarini endi hech kim ortga qaytarib berolmaydi. O‘tgan kunlarimga boqib, chuqur xo‘rsinaman. Yo‘qotgan umrim evaziga afsus va nadomatdan boshqa hech narsa topmadim. Endi adashmay, aldanmay, boshqalarni ham chalg‘itmay yashayman. Farzandlarim tarbiyasiga, oilam, yurtim xizmatiga o‘zimni bag‘ishlayman.

Uning bu ahdidan yaqinlarining quvonchi cheksiz, xush-xandon ovozlar yangray boshlagan xonadonda   saodatbaxsh kunlarga ishonch mujassam.

- Odamdan nima qoladi? Faqat yaxshilik, - deydi uning otasi G‘ulom Rahimov. - Vaqtida shuni farzandimga uqtirolmaganimdan afsusdaman. Mana, o‘g‘limni muhtaram Prezidentimiz kechirdi, imkon berdi. O‘g‘lim ham yaxshi odam bo‘lishga, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaslikka va'da berdi. Barchasidan mamnunmiz.

Barchamizga ma'lumki, bizning davlatimiz ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bunda, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an'analari muhim rol o‘ynamoqda. Azaldan shunday bo‘lib kelgan. Demakki, ekstremistik, radikal qarashlar bizga mutlaqo yot, begona. Birgina ulug‘ vatandoshimiz, kalom ilmining sultoni deya e'tirof etiladigan Abul Muin an-Nasafiy hazratlari "Tabsirat al-adilla" asarida yot oqimlarga qarshi kurashib, ularning soxta da'volariga raddiya bergan edilar. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Xo‘sh, shunday ekan, turli yot g‘oyalarga, radikal qarashlarga berilishdan murod nima? Tuzalish yo‘liga kirgan, hayotini qayta boshlashga kirishgan barcha kishilar o‘zlari kabi adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytishga, buzg‘unchi da'vatchilarning yasama so‘zlariga aldanib qolmaslikka undamoqda. Chin dildan pushaymon bo‘lsa, kechirilishini aytishmoqda va bu da'vat haqiqatan to‘g‘ridir.

To‘g‘ri, adashish - insonga xos. Shunday ekan, endi yurtimiz ravnaqi, yanada gullab-yashnashi uchun tinmay mehnat qilish, shu bilan xatolarni yuvish kerak. Aslida yurtga naf keltirishdek baxt dunyoda yo‘q.

Prezidentimiz aytganidek, bir bolaning yo‘ldan adashishi - bu nafaqat bir oila, balki butun jamiyat boshiga tushgan kulfat. Bundan avvalo shu bolaning ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlari jabr ko‘radi. Bunday paytda ularga yordam berish kerak.

Agar biz bitta bolani to‘g‘ri yo‘naltirsak, yo‘ldan adashgan chog‘da darrov dushmanga chiqarmasdan, uni o‘zimizning farzandimiz, deb bilsak, unga butun  qalbimiz, yuragimiz bilan achinayotganimizni bilsa, aniqki, uning ham qalb ko‘zi ochiladi, to‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yadi. Hamkorlikdagi ishlarimizni ana shu tamoyil asosida olib borsak, o‘ylaymanki, bu borada kutilgan natijalarga erishishimiz shubhasiz.

Mavzuga oid