Mustaqil ekspert-iqtisodchi Yuliy Yusupov navbatlar, qora bozor va «shapka»lar nega vujudga kelishi, bu hodisalar bozorning qanday oqibatlariga sabab bo‘lishi hamda tanqislik deb ataluvchi iqtisodiy kasallikni qanday yengish haqida o‘zining Kommersant.uz saytida e'lon qilingan maqolasida hikoya qilib berdi.

Tanqislik iqtisodiyoti

Men xorijda ko‘proq bo‘laman, o‘z-o‘zidan, vatanimga ham tez-tez qaytishga majburman. Davlatimiz chegarasini kesib o‘tganimning eng ishonchli belgisi nima ekanligini bilasizmi? Navbatlar! Avvaliga pasport nazoratida — chegarachilar oldida, keyin bagajni kutish asnosida, undan so‘ng bojxona nazoratida... Lekin bu bilan navbatlar tugamaydi. Ular meni doim ta'qib qiladi: kommunal xizmatga boramanmi, davlat idoralariga kelamanmi, banklarga ishim tushadimi...

Navbatlar bizda sof tijoriy sektorlarda ham paydo bo‘ladi. Benzin, shakar, avtomobil uchun navbatlarni esga olish kifoya... Xorijdan asbob-uskuna xarid qilish istagidagi tadbirkorga va'da qilingan konvertatsiya uchun qancha navbat kutilishini bilasizmi? Oylab, agar yillab bo‘lmasa! Bu holatda ular banklarning hisob raqamlarida muzlatilgan pullarini ushlab turishadi, ya'ni ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yo‘qotishlarga duchor bo‘lishadi, boz ustiga, valyuta o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli ularni shartnoma shartlariga ko‘ra jarimaga ham tortishadi. Lekin bular konvertatsiya va'da qilingan tadbirkorlar. Aksariyat esa allaqachon hech qanday navbatda turishmaydi, ular rasmiy ayriboshlash kursidan ancha baland bo‘lgan norasmiy bozordan xarid qilib qo‘yaqolishadi.

Navbatlar iqtisodiyoti nuqtai nazaridan bu — tanqislik deb ataluvchi iqtisodiy kasallikning shakllaridan biridir. Tanqislikning boshqa ko‘rinishlari — qora bozor, «shapkalar», tovar savdosining kartali (limitlangan) tizimi kabilardir.

Nega tanqislik yuzaga keladi va unga qarshi qanday kurashish mumkin?

Keling, misol tariqasida go‘sht bozorini olaylik. Har qanday bozor uch asosiy elementdan iborat — narx-navo, talab va taklif. Uch element bir-biriga ta'sir qiladi. Lekin bizni hozircha talab va taklif mahsulot narxiga qanday ta'sir qilishi qiziqtiradi.

Talab qonuni

Narx va talab o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud: narx qanchalik past bo‘lsa, talab shunchalik yuqori bo‘ladi va aksincha. Nega bunday bo‘lishi o‘z-o‘zidan tushunarli: mahsulot qancha arzon bo‘lsa (va arzonligidan o‘zining iste'mol xossalarini yo‘qotmasa) u shunchalik xaridorgir bo‘ladi. Bizning shartli misolimizda (1-jadvalga qarang) 30 ming so‘m narxda iste'molchilar (aytaylik, kuniga) 500 kg go‘sht xarid qilishga tayyor, narx 15 ming so‘m bo‘lganida esa — 1200 tonna. Savol shundan iboratki, sotuvchilar shu narxdan shuncha mahsulot sotishga tayyormikan?..