O‘zbekiston | 09:08 / 28.07.2017
7872
3 daqiqa o‘qiladi

Har bir talabalar turar joyida tarbiyachi-pedagog shtati joriy etiladi

Foto: old.wcu.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, uch oy muddatda oliy ta'lim muassasasi uchun psixolog va har bir talabalar turar joyi uchun tarbiyachi-pedagog shtati joriy etiladi. 

Mehnatga haq to‘lash razryadi bo‘yicha oliy ta'lim muassasalari ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi boshlig‘ining lavozim razryadi 16-razryadga, bo‘lim xodimlarining lavozim razryadi 14-razryadga ko‘tariladi.

Oliy ta'lim muassasalari guruh murabbiylarining faoliyati samaradorligi va mas'uliyatini yanada oshirish, ularning doimiy rag‘batlantirib borilishini ta'minlash maqsadida har bir guruh murabbiyiga (jumladan, murabbiylar kengashi rahbarlariga) oylik maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama haq to‘lanadi.

Har o‘quv yilida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni moliyalashtirish maqsadida ta'lim muassasasi xarajatlari smetasining kamida 5 foizini yuqorida nazarda tutilgan xarajatlar uchun ajratish choralari ko‘riladi. Ushbu mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan shaxsiy mas'uliyat oliy ta'lim muassasasining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori zimmasiga yuklanadi.

Bundan tashqari, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste'mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid