O‘zbekiston | 15:56 / 31.07.2017
37903
7 daqiqa o‘qiladi

Yosh vazir o‘rinbosari «mazlumlar» holidan xabar olmoqda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq ta'limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Alisher Sa'dullayev Navoiy viloyatida oddiy xalq hayoti bilan tanishmoqda.

Lavozimga saylangan kunlarda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini o‘chirib yuborgani uchun tanqidga uchragan yosh vazir o‘rinbosari ayni vaqtda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan sahifasi orqali faoliyatini batafsil yoritmoqda. U ayni kunlarda Navoiy viloyati tumanlarida bo‘lib turibdi.

«Tomdilik otaxon mening safarimni tub ma'noda o‘zgartirib yubordi. Kecha ust-boshimni almashtirib, oddiy xalq bilan muloqot qilishga otlandim. Kunimni aynan shu ish bilan boshlashga ahd qilgandim!», — deb yozgan Sa'dullayev. 

U Navoiy viloyati Tomdi tumaniga borganida yolg‘iz, yordamga muhtoj , 70 yoshga kirgan farzandsiz otaxonni uchratgani haqida yozadi. U atrofdagilari o‘zini chalg‘itib, otaxondan e'tiborini tortishga harakat qilishganini, ammo ularning bu harakatlari ish bermaganini yozadi.

«Aslida bu otaxonni maktablarni aylanib yurgan vaqtimda derazadan ko‘rib qoldim. Buni payqagan shu yerliklar meni chalg‘itmoqchi bo‘lishdimi, tezda meni gapga solishdi, ammo ularning barchasidan o‘sha yerda qolib meni kutishlarini so‘radim. Yaqinlashib hol-ahvol so‘radim, otaxon bir necha yildan beri bo‘ksasi singanligi tufayli arang o‘zi mustaqil oyoqqa tura oladi. Buni ko‘rib chidab tura olmadim va tuman hokimi muovinini chaqirishlarini so‘radim. Ajablanarlisi, ular bu otaxon haqida bilmas emishlar!!! Shunday bo‘lsada, bu otaxonga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi takidlab o‘tildi! Otaxonning hamma ma'lumotlarini oldim va hokim muovini bilan kelishib oldik! Aslida barchamiz shunday joylarga borib, shu kabi mazlumlarimizning holidan xabar olishimiz shart!», degan vazir o‘rinbosari.

Alisher Sa'dullayev boshqa bir kuni ota-onalarning yozgi ta'tilda bolalari bilan qanday ishlashi yoki ularni nima bilan band qilishlarini o‘rganish uchun yana bir oilaga borganini yozadi.
 
«Mo‘'jazgina, kamtarin bir xonalik «uyda» uch farzandli oila istiqomat qilayotganini ko‘rdik. Ular bu uyda vaqtinchalik yangi uy qurayotgani tufayli turishganini aytishdi. Men esa tabiiyki ishonmadim, bizning xalq juda ham andishali va sabrli xalq. Har narsani ham yuz betlab aytaverishmaydi! Shundan so‘ng, bolalar bilan suhbat qurdim. Oilaning katta farzandi (Aygerim ismli 11 yoshli qizcha) juda zehnli va zukko chiqib qoldi. Bor muammolarini birma-bir tap tortmay aytib berdi! Albatta Xalq ta'limi ham ota-onalarning farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishini juda xohlaydi, chunki namunali odob, xulq va fitratga, ota-ona tarbiyasi poydevor bo‘ladi! Afsuski, ko‘pchiligimiz ro‘zg‘or va boshqa tashvishlar bilan bo‘lib, eng muhim jihatni (farzand tarbiyasini) yoddan chiqaramiz! Shu masalada bu oilaga ham qo‘limizdan kelgancha yordam beraylik deb, yana tuman mutasaddilariga yuzlandik! Ularning aytishicha, tez kunda bu muammoni hal qilsa bo‘ladi! Hal qilamiz ham! Axir shu xalqimizku bizni eng og‘ir kunimizda ham qo‘llab-quvvatlaydigan, sabr qiladigan. Eng muhimi bizning xalqimiz hamisha umid bilan yashaydi! Nima bo‘lganda ham, yaxshilikka yo‘yishadi va kelajakka ishonib yashashadi! Balkim g‘alati tuyular mening bu ohangda yozishim yoki ko‘rgan-kechirganlarimni yoritib borishim, ammo bu odamlar shu kabi insonlarning bor-yo‘g‘i ikki yoki uch nafaridir! Biz birlashsak, bundanda ko‘proq odamlarga yordam bera olamiz!

Soat kechki 23:30 yoki undanda kechroq safarda yurganimda mehmonxonaga kelib, xalq orasida kayfiyat qanday ekan deb qilgan ishlarimni yoritib borishga harakat qilyapman! Bugun xalqim uchun nima qildim degan savolni har kun o‘zimdan so‘rayman! Muammolar bor, o‘z yechimini topmayotgan, biroq ishoning, bular ustida ham ishlayapmiz! Hamma tadbir yoki uchrashuvlarni yoritishga vaqt va imkoniyat bo‘lmayapti, ammo xursandman xalqimizning ishonch va umid bildirayotganidan! Xudo xohlasa Xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlash uchun, har qanday holatda ham vatanimiz ravnaqi yo‘lida kurashaman!», degan vazir o‘rinbosari.

U o‘z takliflarini keltiradi.
1-yechim: «Tomdida chorvachilik keng tarqalgan bo‘lib, bu soha bo‘yicha ajratilgan kredit allaqachon aholi tomonidan olib bo‘lingan deyishdi. Buni yaxshilab ko‘rib chiqish kerak, oilalar iqtisodiy barqaror emas ekan, ta'limga e'tibor susayaveradi! Shu bois, bank mutasaddilari bilan ham gaplashadigan bo‘ldik! Balkim bu harakat bor yo‘g‘i bir oilaning muammosini yechar, ammo bitta bo‘lsa ham natija borku! Mana shunday qilib bir odam muammosini yechish yo‘lini topdik, bundan buyog‘iga ko‘proq odamlarga nafi tegadigan taklif haqida bosh qotiramiz!».

2-yechim. «E'tibor bering. Aygerim televizor qarshisida sehrlanib qolganday o‘tiripti! Ularning uyida ko‘p zamonaviy gadjyetlar bo‘lmasligi va hatto oddiy bir badiiy kitobni ham topolmasligingiz mumkin, lekin televizor bor! Aygerim «Bolajon» kanalini juda yaxshi ko‘rar ekan, bu menda «Bolajon» kanali dasturlarini yanada yaxshilash va boyitish fikrini uyg‘otdi! Ota-ona bera olmayotgan bo‘shliqni oz qismini bo‘lsada shu oynai-jahon orqali to‘ldirarmiz!

Aygerim juda iste'dodli qizcha ekan, u albatta kelajakda vatanimiz uchun muhim kadr bo‘lib yetishadi!», deya yakunlagan postni vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid