Jamiyat | 17:11 / 01.08.2017
5286
3 daqiqa o‘qiladi

Bank-moliya akademiyasining 30 tinglovchisi va 4 o‘qituvchisi Yaponiya hamda Germaniyaga malaka oshirish uchun jo‘nab ketmoqda

Joriy yilning 3 avgustidan boshlab bir oy davomida Yaponiya Moliya vazirligi qoshidagi Siyosat tadqiqotlari instituti mutaxassislari tomonidan saralab olingan, ingliz tilida erkin so‘zlasha oladigan va AKTni yuqori darajada o‘zlashtirgan Bank-moliya akademiyasining 10 nafar eng ilg‘or tinglovchisi Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari uchun tashkillashtiriladigan yozgi seminarda ishtirok etadilar. Shuningdek, ikki nafar akademiya o‘qituvchisi ham o‘zlarining shaxsiy ilmiy va pedagogik mahoratlarini oshirish maqsadida maxsus dastur bo‘yicha seminarda qatnashadilar. 

Seminar davomida tinglovchilar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari ustida ishlashlaridan tashqari yetakchi Yaponiya universitetlarining professorlari va davlat tashkilotlaridan tashrif buyurgan ekspertlarning iqtisodiyot, moliya va soliq tizimiga oid mavzulardagi ma'ruzalarini tinglaydilar. Shu bilan birga, seminar rejasiga ko‘ra Markaziy Osiy va Kavkaz mamlakatlari vakillari Yaponiya Moliya vazirligi, Markaziy bank, Tokioning bojxona, soliq va moliya boshqarmalari hamda Kyocera, Panasonic va boshqa kompaniya ofislariga tashrif buyuradilar va ularning faoliyatini yaqindan o‘rganadilar. 

Ushbu seminar doirasida ishtirokchilar yaponiyalik olim va mutaxassislar maslahatlari va texnik yordami orqali o‘z mamlakatlarini iqtisodiy-moliyaviy jihatdan rivojlanishiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zlarining mustaqil tadqiqot ishlarini olib boradilar. Tadqiqot natijalari seminar yakunida Yaponiya Moliya vazirligi ekspert guruhiga taqdimotlar ko‘rinishida taqdim etiladi.

Bundan tashqari, akademiyaning ta'lim jarayonida yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan hamda ingliz tilini yuqori darajada o‘zlashtirgan 20 nafar tinglovchisi va 2 nafar o‘qituvchisi Germaniyaning Bremerxafen Amaliy Fanlar Universitetidagi stajirovka dasturlarida ishtirok etadilar. Germaniyadagi seminarning asosiy mavzusi Germaniya va Yevropa tijorat banklarining  uzoq muddatli investitsion moliyalashtirish tajribasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Akademiya vakillari o‘zlarining safarlari davomida Germaniyaning yetakchi universitetlari, banklari, moliya institutlarining mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladigan ma'ruzalarini tinglash bilan bir qatorda Germaniyadagi moliyaviy institutlar va yirik obektlarga tashrif buyuradilar. Jumladan, akademiya tinglovchilari uchun Sparkasse, Aufbaubank, DZ Bank kabi tijorat banklari, Yevropa Markaziy banki, Frankfurt fond birjasi, «Mersedes» avtomobil zavodi kabi obektlarni o‘rganish imkoniyati yaratiladi.

Bunday ko‘rinishdagi hamkorlik akademiya tinglovchilarida natijaga yo‘naltirilgan mustaqil qaror qabul qilish, innovatsiyalarga yo‘naltirilgan holda ish olib borish kabi ko‘nikmalarning shakllanishiga yordam beradi va keng dunyoqarash bilan kelgusi rahbarlik faoliyatlarini davom ettirish imkoniyatini beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid