Jamiyat | 00:12 / 02.08.2017
40687
5 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchi tashish uchun litsenziyani qo‘lga kiritish shartlari

SAVOL: Men yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirmoqchiman. Lisenziya va litsenziya kartochkasi olish uchun qanday hujjatlar talab etilishi, murojaatni ko‘rib chiqish muddatlari va ularni olish uchun qancha pul to‘lanishi haqida ma'lumot bersangiz?

E.EShMURODOV, Sho‘rchi tumani

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 14 iyuldagi 138-son qarori bilan tasdiqlangan «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Nizomning (keyingi o‘rinlarda - Nizom deb yuritiladi) 3-bandi 2-xatboshida: «Tijorat asosida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi», deb belgilangan.

Nizomning 10-bandiga ko‘ra, Lisenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportga oid ma'lumotlar va haydovchilik guvohnomasi; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) va faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat ko‘rsatilgan holda litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza;

mavjud avtotransport vositalarining mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomalari to‘g‘risidagi ma'lumotlari, shuningdek Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining tegishli bo‘linmasi tomonidan berilgan avtotransport vositasining texnik jihatdan soz ekanligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan avtotransport vositasi texnik pasportining yoki avtotransport vositalari guruhi texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi dalolatnomasining nusxasi;

litsenziya talabgorida haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan va avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish yoxud litsenziya talabgorining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko‘rik va texnik ko‘rikdan o‘tish imkoniyati berilishi to‘g‘risidagi shartnomasi nusxasi mavjudligi haqidagi ma'lumotlar;

litsenziya talabgori tomonidan ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Nizomning 16-bandiga ko‘ra, litsenziya talabgoriga avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.

Lisenziyalovchi organ litsenziya talabgorini qaror qabul qilingani to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin uch ish kuni mobaynida xabardor qiladi.

Lisenziyalovchi organ tomonidan litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgorining litsenziya/litsenziya kartochkasi berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi (Nizomning 12-bandi).

Nizomning 33-bandida, avtomobil transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziyalar berilganligi va ularning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun davlat boji Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda undirilishi belgilangan.

Shuningdek, avtotransport vositalari soni to‘ldirilgan (ko‘paytirilgan) taqdirda davlat boji har bir litsenziya kartochkasi uchun qo‘shimcha ravishda undiriladi.

Savolga O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi yuridik xizmati boshlig‘i Sherzod O‘RINOV javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Mavzuga oid