O‘zbekiston | 08:12 / 02.08.2017
11495
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekistonda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 1 avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan tashkil etildi.

Hujjatda ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

O‘zbekiston rahbari komissiyaga 2017 yil 15 sentabrga qadar muddatda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni kiritish vazifasini topshirdi.

Xususan, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qiladi.

Shuningdek, komissiya nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish holatini, ularning ta'lim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy o‘rganadi.

Komissiya tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash, tartib-taomillarni o‘tkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish bo‘yicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan ishlar ahvoli tahlil qilinadi.

Komissiya nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazadi va takliflarni tayyorlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid