O‘zbekiston | 08:42 / 03.08.2017
9835
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatidagi 15 ming 173 xonadon va tashkilot elektr hamda gaz tarmog‘idan uzildi

Joriy yil 1 iyun holatiga Farg‘ona viloyati bo‘yicha elektr energiyasidan 290 milliard so‘mdan, tabiiy gaz bo‘yicha 73,1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik vujudga kelgan, deb yozmoqda O‘zA.

Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan bu qarzdorliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, qisqa vaqtda elektr energiyasi bo‘yicha 70 milliard 585 million so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 24 milliard 489 million so‘m undirildi. 

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan 211 milliard 955 million so‘m qarzdorligi bo‘lgan 218 ming 363 iste'molchining manziliga talabnomalar yuborildi, 15 ming 173 xonadon va tashkilot tarmoqdan uzildi, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligi yuqori bo‘lgan ulgurji iste'molchilarning bank hisob raqamlariga to‘lov talabnomalari qo‘yildi. 

Keng ko‘lamli targ‘ibot ishlariga qaramasdan, ayrim iste'molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni iste'mol qilish borasida hamon huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning bo‘limlari tomonidan 127 shunday holat aniqlandi. Huquqbuzarliklar oqibatida davlatga jami 107,3 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Byuro xodimlari tomonidan davlatga yetkazilgan moddiy zararning 46,5 million so‘mi undirilib, qolgan 60,8 million so‘mini undirish choralari ko‘rilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 112 jismoniy va 9 yuridik shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid