Jamiyat | 21:18 / 04.08.2017
13554
6 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi toza ichimlik suvi muammosi tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganib chiqildi

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlanishi mutasaddi rahbarlar oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir. Zero, toza ichimlik suvi iste'moli aholi salomatligiga ham ijobiy ta'sir o‘tkazadi. Kun.uz saytining elektron pochtasiga Qashqadaryo viloyatida mazkur yo‘nalish bo‘yicha yuborilgan murojaatlarga tegishli mutasaddi tashkilotlardan javob olindi.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati Koson tumani markazida yashayman. Koson shahrida 7 yildan beri ichimlik suvi yo‘q. Qarshi shahridan mashinalarda tashiladi. Bir mashinasini 100 mingdan olamiz. Bu haqda kimdir qiziqadimi?”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2015 yil 6 martdagi 2313-sonli qaroriga asosan “Qashqadaryo viloyatining Kitob-Shahrisabz suv manbaidan chiquvchi magistral suv quvuri atrofidagi aholi punktlari va Koson, Muborak ichimlik suv tizimlarini loyihasi” uchun 51,5 mln dollar ajratilishi loyihaga kiritilgan. Ushbu loyiha bajarilgandan so‘ng, Koson tumanida ichimlik suv ta'minoti yaxshilanadi. 

2017 yil 8 iyun kuni Qarshi shahrida suv tashish bilan shug‘ullanayotgan 100 taga yaqin avtomashina haydovchilari bilan uchrashib, tushuntirish ishlari olib borildi. Ularga hududlarga 4 tonna ichimlik suvi 35-40 ming so‘mdan sotish hisob-kitoblari ishlab chiqib ko‘rsatildi. Haydovchilardan ichimlik suvining narxini sun'iy ravishda oshirmaslik to‘g‘risida tushuntirish xatlari olindi. Shu bilan suv tashish avtomashinalari va suv tarqatish shoxobchalariga viloyat moliya boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan ichimlik narxlari belgilanmoqda”.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Qamashi tumani markazi, ya'ni Qamashi shahri aholisi ichimlik suvini  (vodovozlardan) sotib olib ist'yemol qiladi. Vodovozchilar, asosan, o‘zlarining shaxsiy transporti (vodovoz)da suv olib kelib berishadi.

Yaqinda turmush o‘rtog‘im uyda hovuzda suv qolmaganini aytib qoldi, shuni suv olib keladigan (vodovoz)chilarga aytishimni iltimos qildi. Men ham vaqtni ketkazmay, har doim suv olib keladigan yigitlarga suv olib kelishini telefon qilib aytdim. Ular endi ishlamasliklarini aytdilar. 

Nima emish, hokimiyat ularga suvni shaxsiy transportda sotishni taqiqlagan emish. Endi hayronman qayerdan suv olib ichsak bo‘lar ekan. Hokimiyat oldin davlat suv sotuvchi transportlarini tashkil qilib, keyin shaxsiylarini to‘xtatsa bo‘lmasmikan? Bu vaqtda aholi qanday ichimlik suvi bilan ta'minlanadi? Bu masalani mutasaddi xodimlar o‘ylagan bo‘lsa ajab emas. Bu masala bo‘yicha ham kengroq yondoshsangiz juda xursand bo‘lar edim”.

Joriy yilning yoz davrida aholining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish, mavjud suv tarqatish shoxobchalari faoliyatini nazorat qilish va aholiga suv tashish avtomashinalari tomonidan ichimlik suvi narxining sun'iy ravishda oshib ketmasligining oldini olish maqsadida viloyat moliya boshqarmasi, viloyat soliq boshqarmasi va viloyat IIB YXXB xodimlari bilan xamkorlikda amaliy ishlar olib borildi. Ushbu qisqa vaqt davomida suv tashish avtomashinalari bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgandi. Hozirga kelib ushbu muammolar bartaraf etildi. Ayni damda suv tashish transportlari bilan bog‘liq muammo yo‘q.

Murojaat: “Salom. Qarshi tumani, Beshkent shahrida ichimlik suvining narxi juda ko‘tarilib ketdi. 2 oy oldin 1 mashina suv (5 tonna) 20 000 so‘m edi, hozir 40 000 so‘m bo‘lgan. Sababi litsenziya to‘layapmiz, deyishyapti. Nega bunday bo‘lyapti?”

Suv tarqatish shoxobchalari faoliyatini nazorat qilish va aholiga suv tashish avtomashinalari tomonidan ichimlik suvi narxining sun'iy ravishda oshib ketmasligining oldini olish maqsadida viloyat moliya boshqarmasi, viloyat soliq boshqarmasi va viloyat IIB YXXB xodimlari bilan xamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Hududlarda suv tashish bilan shug‘ullanayotgan avtomashinalarga suv tashish masofasi, suv xajmi, suvning narxi va ishonch telefon raqami kabi yozuvlarni yozish orqali aholiga qulaylik yaratish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Men Qarshi shahridagi ko‘pqavatli uyda istiqomat qilaman. Yoz kunlariga kelib ichimlik suvida muammolar ko‘paya boshlaydi. Aholi tomonidan ichimlik suvidan tomorqani sug‘orishda ishlatish, qo‘lbola nasoslar yordamida suvni tortib olish kabi noqonuniy ulanishlar sabab, bosim keskin kamayib, yuqori qavatlarga ichimlik suvi yetib bormaydi. Suv-oqava korxonasi xodimlari tomonidan nazorat o‘ta past darajada. “Suvoqava” korxonasi faoliyati ustidan kim nazorat qiladi? Qashqadaryo teleradiokompaniyasi tomonidan Qarshi shahar “Suvoqava” korxonasi bilan ochiq muloqot tashkil etish mumkinmi? Yoki bu tashkilot shunchalik maxfiymi?”

Joriy  yilning yoz oylari boshlanishi munosabati bilan ichimlik suviga bo‘lgan talab oshishi sababli Qarshi shahriga ichimlik suvi kelishi kamaydi. Aholi tomonidan ichimlik suvidan tomorqani sug‘orishda ishlatish, qo‘lbola nasoslar yordamida suvni tortib olish kabi noqonuniy ulanishlarni uzish maqsadida kechayu-kunduz korxona tomonidan ishchi guruhi tuzilib, noqonuniylari uzilib, sug‘orish ishlari qattiq nazoratga olindi. Hozirgi kunda suv ta'minoti yaxshilandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid